Huawei 1
Ukraina O‘zbekistonning uchta kompaniyasiga sanksiyalar kiritdi

Ukraina hukumati Rossiya, Xitoy, Eron, Belarus va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir nechta kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolangan farmonda ko‘zda tutilgan.

Umumiy ro‘yxatda 67 ta Rossiya kompaniyasi bilan bir qatorda 7 ta xorijiy yuridik shaxs ham mavjud bo‘lib, ularning 3 tasi O‘zbekistonda faoliyat yuritadi. Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonning 1 nafar fuqarosi ham kiritilgan.

Sanksiyaga uchragan kompaniyalardan biri «Mercury Renaissance» MChJ. Korxona 2016 yilda Toshkent shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Faoliyat turi – qurilish texnikasi va uskunalarini ijaraga berish hamda lizing xizmatlari. Ta’sischilari Mo‘minov Rustam Rahimjanovich (60 foiz) va Tojiyev Shahriyor Sahiyorovich (40 foiz).

Ikkinchi kompaniya –«Raw Materials Cellulose» MChJ Jizzax viloyatida joylashgan bo‘lib, qog‘oz massasi va sellyuloza ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ta’sischilari Utkina Larisa Mixaylovna (76 foiz) va Bikova Larisa Rahimjonova (24 foiz).

Uchinchi kompaniya – sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan «Farg‘ona kimyo zavodi» MChJ. Mazkur korxona «Mercury Renaissance» tarkibiga kiradi.

Shuningdek, Ukraina hukumati bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi ta’kidlanayotgan Rustam Mo‘minovga nisbatan cheklovlar kiritgan.

Sanksiyalar 10 yil muddatga joriy etilgan bo‘lib, Ukraina hududidagi aktivlarni muzlatish, litsenziyalarni bekor qilish, savdo kelishuvlari, madaniy almashinuvlar, ilmiy sohadagi hamkorlikni to‘xtatishni nazarda tutadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51215 | Инструменты