Ukraina Rossiya bilan navbatdagi almashinuv chog‘ida halok bo‘lgan 502 nafar himoyachining jasadini qaytarib oldi, deb xabar berdi Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab 29 noyabr, juma kuni Telegramʼda. Shtabning aniqlik kiritishicha, gap Donetsk, Zaporijjya va Luhansk yo‘nalishlarida halok bo‘lgan ukrainalik askarlarning jasadlari haqida ketmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasidagi o‘likxonalardan 17 nafar jasad qaytarildi, deyiladi xabarda. Donetsk oblastida eng ko‘p ukrainalik himoyachilar jon berdi – 397.
«Ekspert muassasalari bilan birgalikda halok bo‘lganlarning shaxsi imkon qadar tezroq aniqlanadi», — deyiladi shtabda.
O‘z navbatida, Rossiya Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan Rossiya Qurolli kuchlarining 52 nafar askarining jasadini almashish doirasida oldi, dedi Rossiya Davlat dumasi deputati, parlament muvofiqlashtirish guruhi vakili Shamsail Saraliyev. Rossiya tomonidan almashinuv Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirildi.
Topshirilgan jasadlar sonidagi farqni Rossiya armiyasi hozir faol ilgarilab borayotgani, o‘lgan rus harbiylari esa bosib olingan hududda qolayotgani bilan izohlash mumkin, deydi ekspertlar.
Oxirgi jasadlar almashinuvi 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. O‘shanda halok bo‘lgan 563 harbiy xizmatchi Ukrainaga topshirildi, 37 nafarining jasadi esa Rossiyaga qaytarildi. Rossiya urushi boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina muntazam ravishda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning jasadlarini almashib kelyapti. Almashinuvga Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) vositachilik qiladi.
563 nafar harbiyning jasadi Ukrainaga qaytarildi
Ukraina rasmiylari 563 nafar ukrainalik harbiyning jasadlari qaytarilgani haqida xabar berdi. 8 noyabr kuni Ukrainaning harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi Telegramʼda bildirishicha, Donetsk yo‘nalishida 320 nafar halok bo‘lganlarning jasadi qaytarildi.
Bayonotda yana 89 nafar halok bo‘lgan askarning jasadi Baxmut yo‘nalishidan, 154 nafari Rossiya Federatsiyasidagi o‘likxonalardan qaytarilgani aytiladi. Operatsiya "SBU"ning Birlashgan markazi, Ukraina Ichki ishlar vazirligi, Oliy radaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisi, Alohida vaziyatlarda bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha vakil kotibiyati, Ukraina Qurolli kuchlari, Ukraina mudofaa sektorining boshqa tuzilmalari, shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Jasadlar va qoldiqlar topshirilgandan so‘ng ularning shaxsini aniqlash amalga oshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120300 | Инструменты