Vashington okrug sudi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga chet el yordam dasturlarini 90 kunga to‘xtatib qo‘yishni nazarda tutgan farmonni bekor qilish va shunga mos ravishda bunday dasturlarni qayta boshlash majburiyatini yukladi.
Associated Press (AP) agentligiga ko‘ra, bu AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyalashtirishni to‘xtatish bilan bog‘liq birinchi qarordir.
Federal sudya Amir Ali o‘z qarorida “yordamni to‘satdan to‘xtatishning chet eldagi tashkilotlarga yetkazgan keng ko‘lamli zarari”ga ishora qilib, USAID tomonidan moliyalashtiriladigan ikkita xalqaro tashkilot — OITSga qarshi vaksinani himoya qilish koalitsiyasi va Jahon sog‘liqni saqlash kengashi tomonidan kiritilgan da’vo bo‘yicha vaqtinchalik qaror chiqardi.
Avvalroq Tramp ma’muriyati vakillari bunday moliyalashtirish dasturlarini to‘xtatish kerakligini ta’kidlagan edi. Biroq, ular nima uchun chet el yordamini butunlay to‘xtatish yagona oqilona yechim bo‘lganiga “hech qanday tushuntirish bermadi” va moliyalashtirishning to‘xtatilishi tufayli yopilish arafasida bo‘lgan ko‘plab kichik va yirik tashkilotlarni e’tiborsiz qoldirish uchun sabablari borligini isbotlay olmadi, dedi sudya Ali.
AQShning Kolumbiya okrugidagi Federal okrug sudi sudyasi 7-fevral kuni Tramp ma’muriyatining taxminan 2700 nafar USAID xodimini ishdan chetlatish va ma’muriy ta’tilga chiqarish rejalarini to‘xtatib qo‘ydi. Bundan tashqari, allaqachon ta’tilga chiqarilgan 500 nafar xodim ish joyiga qaytarilishi kerakligi belgilandi.
Amerika OAVlarning xabar berishicha, Vashington sudyasi Karl Nikols bunday harakatlarning qonunga xilofligini da’vo qilgan ikki kasaba uyushmasining talabini qondirgan. U Tramp ma’muriyati harakatlarining qonuniyligini aniqlash uchun dalillarni tezkor ko‘rib chiqish imkoniyatini berish maqsadida Vashington rejalarini amalga oshirishni 14-fevralgacha to‘xtatib turishni buyurdi.
Kasaba uyushmalari da’vosida AQSH hukumatining USAID faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlari “global gumanitar inqirozga olib kelgani, USAID xodimlari, grant oluvchilari va pudratchilarining eng muhim ishini to‘satdan to‘xtatib qo‘ygani” va minglab ish o‘rinlarini yo‘qotishga sabab bo‘lgani, shuningdek, “AQSh milliy xavfsizligi manfaatlarini xavf ostiga qo‘ygani” ta’kidlangan. Hujjatda USAID agentligini faqat Kongress tarqatib yuborishi mumkinligi, Tramp ma’muriyatining harakatlari esa “konstitutsiyaga zid va qonunga xilof” ekanligi qayd etilgan.
Avvalroq Tramp USAID’ning barcha loyihalarini 90 kunga muzlatib qo‘ygan va deyarli barcha xodimlarni ishdan bo‘shatib, agentlikni tarqatib yuborish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.
Butun dunyo bo‘ylab tashkilotda ishlaydigan 10 ming kishidan faqat 290 nafarini, xususan, sog‘liqni saqlash va gumanitar yordamga ixtisoslashganlarni qoldirish rejalashtirilgan, deb xabar berdi The New York Times suhbatdoshlari.
Tramp ma’muriyati USAID’ni nafaqat asossiz xarajatlarda, balki “Al-Qoida” va Afg‘onistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarish bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishda ham aybladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21512 | Инструменты