Huawei 1
WSJ: Tesla Ilon Maskning o‘rniga yangi bosh direktor izlamoqda

Tesla direktorlar kengashi milliarder Ilon Maskning o‘rnini egallaydigan yangi bosh direktor qidirmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.

Elektrokarlar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbariyati Maskning o‘rniga boshqa odam topish haqida qariyb bir oy oldin, Tesla aksiyalari tushib ketishi va Mask Oq uydagi faoliyatiga ko‘p vaqt ajratayotganidan norozilik bildirgan investorlar sabab o‘ylay boshlagan.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, direktorlar kengashi a’zolari allaqachon bir nechta kompaniyaga bu borada murojaat qilgan. Taxminan shu vaqtda Tesla rahbariyati Mask bilan ham uchrashgan. Undan kompaniyadagi ishiga ko‘proq e’tibor qaratishni so‘rashgan. WSJ’ning qayd etishicha, Mask bunga e’tiroz bildirmagan.

O‘z navbatida Tesla yangi bosh direktorni qidirish uchun kompaniya rekruting agentliklari bilan bog‘langani haqidagi xabarlarni «xato» va «mutlaqo noto‘g‘ri» deb atadi. Bayonotda ta’kidlanishicha, direktorlar kengashi «kompaniyaning o‘sish bo‘yicha qiziqarli rejasini amalga oshirishni davom etish» qobiliyatiga ishonadi. Biznesmen ham WSJ’dagi maqolani «to‘qib chiqarilgan yolg‘on» deb atagan va nashrning o‘zini «jurnalistikani obro‘sizlantiruvchi» deya ta’riflagan.

Ilon Mask Tesla’ga 2004 yilda asosiy investor sifatida qo‘shilgan, keyin esa kompaniya bosh direktoriga aylangan.

Aprel oyida Tesla 2025 yilning birinchi choragida daromadlar tushib ketgani to‘g‘risida hisobot berdi. Kompaniyaga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida Tesla 409 million dollar ishlab topgan — bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 71 foizga kam. Shu bilan birga, Maskning Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgani ham kompaniya savdolariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan.

Kompaniya hisobotidan keyin Ilon Mask may oyidan boshlab Vashingtonda kamroq vaqt o‘tkazishini, 30 maydan esa DOGE rahbarligidan ketishini ma’lum qildi.

30 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Tramp Maskka uning hukumatdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdi. «Menimcha, u uyiga, o‘zining mashinalariga qaytishni xohlamoqda», — degan Tramp.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50201 | Инструменты