Huawei 1
Xitoy Tibetda dunyodagi eng yirik GESni quradi

Xitoy hukumati Tibet tog‘liklarining sharqiy qismida ulkan gidroelektrstansiyasini qurish loyihasini ma’qulladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, GES Yarlung Sangpo daryosida barpo etiladi. Qurilish ishlari rejalashtirilgan daryo qismi 2 kilometrlik balandlik farqiga ega va uzunligi 50 kilometr bo‘lib, ulkan gidroenergetik salohiyatga ega. Yangi GESning to‘g‘oni dunyodagi eng yirik to‘g‘on bo‘ladi. U har yili 300 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu ayni paytda dunyodagi eng yirik GES hisoblangan Xitoydagi “Uch dara”dan uch baravar ko‘p degani. 

Yangi elektr stansiyasini mamlakatdagi eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri – Power Construction Corp of China quradi. Qurilishga jami sarmoyalar 1 trillion yuandan (137 milliard dollar) oshishi mumkinligi kutilmoqda. Bu esa ushbu GESni dunyodagi eng qimmat infratuzilma loyihasiga aylantiradi.

Hindiston va Bangladesh stansiyaning qurilishi mahalliy ekologiyaga va Yarlung Sangpo daryosining holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Xususan, Hindiston GESning ishlashi suv toshqinlarini keltirib chiqarishi yoki daryoning quyi oqimida suv tanqisligini yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidlagan. Xitoy hukumati esa qurilish qancha mahalliy aholini qamrab olishi va qancha odam ko‘chirilishi kerakligini oshkor qilmagan holda loyihaning atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini taxmin qilayotganini bildirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10109 | Инструменты