Xitoy sudi Bank of China direktorlar kengashi raisi Lyu Lyangeni korrupsiya va noqonuniy kreditlar berishda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Lyange o‘z aybiga iqror bo‘lgani uchun jazo muddati ikki yilga kechiktirilgan. Agar Lyu shu vaqt ichida yangi jinoyatlar sodir etmasa, o‘lim jazosi o‘rniga umrbod qamoq jazosi beriladi. Sud, shuningdek, Lyangeni siyosiy huquqlardan umrbod mahrum etdi va noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan barcha mulklarini musodara qilishni buyurdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Lyange o‘z mansab mavqeidan foydalangan holda, pora evaziga ko‘plab odamlarning lavozimini oshirgan. Umuman olganda, Lyange 121 million yuandan (taxminan 17 million dollar) ortiq pora olgan. Shuningdek, sud ma’lumotlariga ko‘ra, Lyu 3,32 milliard yuandan ortiq noqonuniy kreditlarni tasdiqlagan, bu esa 190 million yuandan ortiq yo‘qotishlarga olib kelgan.
2024 yil oktyabr oyida Xitoy Markaziy Banki rahbarining sobiq o‘rinbosari Fan Ifey ham ikki yillik kechiktirish bilan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Sobiq amaldorga qarshi ish 386 million yuan (taxminan 55 million dollar) miqdoridagi pora bilan bog‘liq.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112713 | Инструменты