Yevropa tashqi aloqalar xizmati xorijdagi bir qancha diplomatik vakolatxonalarni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining ichki hujjatlari va rejalar bilan tanish ikki rasmiyga tayanib, “Politico” xabar berdi.
Joriy yilning 14 may kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas tomonidan Yevrokomissiyaga taqdim etilgan ikki yillik rejaga ko‘ra, (2026-2027 yillarga mo‘ljallangan) 144 ta xorijiy vakolatxonadan 10 tasida xodimlarning katta qismi qisqartiriladi. Bu vakolatxonalarda faqat elchi va 1–2 yordamchi qoladi. Umumiy hisobda 100 ga yaqin mahalliy xodim ishdan bo‘shatilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, rasmiy delegatsiyalar yopilmaydi, ammo qisqartirilgan xodimlar masofaviy ishlashga o‘tkaziladi. Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, bu deyarli vakolatxonalarni yopish bilan teng.
Qisqartirishlar, xususan, ilgari Yevroittifoq rivojlanishga ko‘maklashgan mamlakatlarga, masalan Belarus yoki Lesotoga tegishli vakolatxonalarni ham qamrab oladi.
Shu bilan birga, ba’zi xorijiy vakolatxonalar kuchaytiriladi. Nashr manbalariga ko‘ra, Yevroittifoq ayniqsa Rossiyaga qarshi sanksiyalar ijrosini ta’minlovchi va mudofaa sohasida hamkor bo‘lgan davlatlardagi delegatsiyalarni mustahkamlashni maqsad qilgan.
Qisqartirishlar orqali birinchi yilda taxminan 20 million yevro, keyingi uch yilda esa har yili 9 million yevro tejash rejalashtirilmoqda. Nashrning qayd etishicha, hozirgi taqdim etilgan rejalar 2024 yilning noyabrida muhokama qilingan 800 xodimgacha bo‘lgan ommaviy qisqartirishlarga nisbatan ancha yumshoqroq sanaladi.
Yevrokomissiya matbuot xizmati bu boradagi so‘rovga javob bermagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52210 | Инструменты