Yevropa Ittifoqi Iordaniya daryosining G‘arbiy sohili va G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarga yordam sifatida 1,6 milliard yevro ajratadi. Bu haqda 14-aprel, dushanba kuni YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ma’lum qildi.
“Biz falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashimizni kuchaytirmoqdamiz. 2027-yilgacha ajratiladigan 1,6 milliard yevro G‘arbiy sohil va G‘azo sektorida barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi. YeI zarur infratuzilmaga sarmoya kiritadi, bir vaqtning o‘zida gumanitar yordam va qochqinlarga ko‘mak beradi. Biz Falastin ma’muriyatining ko‘p yillik hamkori bo‘lib kelmoqdamiz”, – deb yozdi Kallas ijtimoiy tarmoq X’dagi sahifasida.
Ushbu bayonot Falastin milliy ma’muriyati (FMM) bosh vaziri Muhammad Mustafo va YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida Lyuksemburgda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv arafasida e’lon qilindi. Kallas Yevropa Ittifoqi yordami G‘azo sektoriga qanday yetkazilishi haqida aniq ma’lumot bermadi. Eslatib o‘tamiz, FMM faqat Iordaniya daryosining G‘arbiy sohilini nazorat qiladi, G‘azo sektori esa 2007-yildan buyon radikal islomiy HAMAS guruhi qo‘lida.
YeI – Falastin ma’muriyatining eng yirik homiysi
AFP agentligi eslatishicha, Yevropa Ittifoqi Falastin muxtoriyatining eng yirik xalqaro donoridir. Avvalgi uch yillik yordam dasturi 2021–2024-yillar oralig‘ida amal qilgan bo‘lib, umumiy qiymati 1,36 milliard yevroni tashkil etgan.
Yangi yordam paketi tarkibiga quyidagilar kiradi:
• G‘azo sektori, G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda iqtisodiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar uchun 576 million yevro miqdorida grantlar;
• Yevropa investitsiya banki tomonidan 400 million yevro miqdorida kreditlar ajratilishi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41602 | Инструменты