Huawei 1
Yevropa shifoxonalarida “kadrlar inqirozi” yuz bermoqda

Butun Yevropada shifoxonalar go‘yoki yashab qolish rejimida ishlayotganga o‘xshaydi.

Xoh Fransiyada bo‘lsin, xoh Sloveniya yoki Shvetsiyada, barcha shifoxonalar xodim yetishmasligi, kam maosh va belgilangan vaqtdan tashqari ishlashga qarshi kurashmoqda. Bu holat butun sog‘liqni saqlash tizimida ish tashlashlarga sabab bo‘lib, natijada bemorlarni parvarishlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu yil Shvetsiyada tibbiyot xodimlari 16 yil ichida ilk bor ish tashlash o‘tkazdi. Bunga 78 kun ketma-ket ishlash va kam maoshga qarshi norozilik sabab bo‘ldi.

Skandinaviya mamlakatlarida ish tashlashlar Yevropaning boshqa hududlariga nisbatan kamroq uchraydi. Biroq jamoaviy shartnoma tuzish bo‘yicha to‘rt oylik muzokaralardan so‘ng Shvetsiya tibbiyot xodimlari uyushmasi bunga majbur bo‘ldi — ular 11 apreldan 28 iyungacha ish tashladi.

“Muzokaralar jarayonida boshi berk ko‘chaga kirib qoldik. Ish tashlash e’lon qilishga majbur bo‘ldik. Nizoga borishimiz muqarrar edi”, — dedi Sineva Ribero Shvetsiya sog‘liqni saqlash xodimlari uyushmasi prezidenti.

114 000 a’zoga ega uyushma hamshiralar, akusherlar, biotibbiyot olimlari va rentgenologlarning manfaatini himoya qiladi. Kasaba uyushmasi ish vaqtidan tashqari ishlashni ham taqiqladi.

“2023 yilda ular (uyushma a’zolari) uch million soat ortiqcha ishlagan. Hamshiralar, akusherlar, rentgenologlar va rentgen hamshiralari yetishmasligini bilardik”, — dedi Ribero.

Natijada, Shvetsiya tibbiyot xodimlari uyushmasi o‘z a’zolarining 10 foizi — tungi smenada ishlovchilar uchun ish vaqtini qisqartirishga, ish haqini 3,05 foizga oshirishga hamda ish beruvchilar hamshiralarning malaka oshirishini moliyalashtirishiga doir kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘ldi.

Boshqa tomondan, ular tibbiyot xodimlarining ish haftasini 40 soatdan 37 soatgacha qisqartirish to‘g‘risidagi talablardan voz kechishga rozilik bildirdi.

Umuman olganda, mehnat sharoitlarining yomonlashuvi tibbiyot xodimlarini Shvetsiyadan qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib ketishga majbur qiluvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi.

“20 mingga yaqin hamshira Norvegiyada ishlaydi, chunki u yerda haftasiga kamroq soat ishlab, ko‘proq maosh olishadi”, — deydi Ribero.

Bundan tashqari, Shvetsiya sog‘liqni saqlash sohasidagi kompetensiyalar bo‘yicha milliy kengashining iyun oyida e’lon qilingan hisobotida ta’kidlanishicha, 13 000 nafar malakali hamshira kasbini tark etgan, natijada soliq to‘lovchilar hisobidan 60 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflanib, sohada “qora tuynuk” paydo bo‘lgan.

“Balki Shvetsiyada vaziyat Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga qaraganda yaxshiroqdir”, — deydi Ribero. “Ammo bizda aholi salomatligi haqida qayg‘uradigan hamshiralar yetishmaydi. Keyingi pandemiya qachon kelishini bilmaymiz”.


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92000 | Инструменты