Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy agar aholiga tinchlik olib kelishning yagona sxemasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirish bo‘lsa, bunga tayyorligini aytdi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.
“Agar bu ukrainaliklar uchun tinchlikka erishishimiz va odamlarni yo‘qotmasligimiz mumkin bo‘lgan yagona konfiguratsiya bo‘lsa, albatta, biz bunga boramiz”, dedi Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida.
Zelenskiy bu vaziyatda uning Kreml rahbariga shaxsiy munosabati ahamiyatga ega emasligini ta’kidladi:
“Men uni dushman deb hisoblayman. To‘g‘risini aytsam, u ham meni dushman deb bilsa kerak, deb o‘ylayman”, dedi Ukraina prezidenti.
Shuningdek, u hozirgi kunda Ukraina barcha hududlarni qaytarib ololmasligini va “erishish ehtimoli bo‘lmagan natija uchun millionlab odamlarni yo‘qotishi mumkin emasligini” ta’kidladi.
Zelenskiy “vatan uchun jonini fido qilganlarga bergan qasamyodini buza olmasligi”ni aytdi. Siyosatchi Konstitutsiyani buzish va bosib olingan hududlarni Rossiyaga tegishli deb tan olish mumkin emasligini qayd etdi.
Ukraina prezidenti jangovar harakatlar davom etayotgan paytda mamlakatda saylovlar o‘tkazish imkoniyatini yana bir bor inkor etdi.
Mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovi 2024-yil 31-mart kuni o‘tkazilishi kerak edi. Ukrainadagi harbiy holat tufayli ular o‘tkazilmadi. Mamlakat Konstitutsiyasi harbiy holat paytida prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlamaydi. Biroq bunday taqiq “Harbiy holatning huquqiy rejimi to‘g‘risida”gi qonun darajasida belgilangan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor muzokaralar “qonuniyligini yo‘qotgan” Ukraina davlat rahbari bilan o‘tkazilmasligini da’vo qilgandi. Chunki Putinning fikricha, Vladimir Zelenskiy “noqonuniyligi tufayli hech narsa imzolashga haqli emas”.
Ukrainaning urushni tugatish shartlari
Ukraina qo‘shinlarni 1991-yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022-yillarda Rossiya tomonidan u yerda o‘tkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.
Rossiya shartlari
Putin o‘t ochishni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qo‘shinlari o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu to‘rtta hudud va Qrim go‘yoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi va sanksiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib bo‘lmaydigan” ultimatum deb atadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20513 | Инструменты