Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xitoyni Rossiya armiyasiga qurol yetkazib berishda aybladi, deb xabar bermoqda «Interfaks-Ukraina».
«Biz nihoyat Xitoy Rossiyaga qurol yetkazayotganiga oid ma’lumotlarni oldik. Bugungi kunga kelib, [Ukraina] Xavfsizlik xizmati va razvedka organlaridan porox, artilleriya haqida umumiy ma’lumotlarga egamiz. O‘ylaymanki, kelasi hafta bu borada batafsil ma’lumot bera olamiz», — deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy vakillari, shuningdek, Rossiya hududida qurol ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanishi mumkin.
Xitoy Rossiya—Ukraina urushida rasman betaraf pozitsiyani egallagan va tomonlarni muzokaralar yo‘li bilan urushni yakunlashga chaqiradi. Shu bilan birga, mamlakat Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan.
Aprel boshlarida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonida turib jang qilgan ikki nafar Xitoy fuqarosini asirga olgan edi. Rasmiy Pekin mamlakat o‘z harbiylarini Ukrainaga yubormaganini rasman ma’lum qildi. Asirlarning o‘zlari esa Rossiyaga pul ishlash uchun kelgani, biroq aldov yo‘li bilan urushga yuborilganliklarini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41914 | Инструменты