Madaniy meros agentligi direktori Madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va ommalashtirish bilan bog‘liq faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Madaniy meros agentligi tomonidan Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi “O'zbekiston-2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, respublikadagi 60 ta madaniy meros obyekti va 7 ta muzeyning restavratsiya va taʼmirlash-tiklash ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqildi hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazildi. Bugungi kunda mazkur obyektlarni taʼmirlash-tiklash yuzasidan pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Shuningdek, madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarida taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, ularda faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ustida ish olib borilmoqda. 2023-2024-yillar davomida jami 16 ta muzey binosida taʼmirlash-tiklash ishlari olib boriladi.
Agentlik tomonidan arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, arxeologiya yodgorliklarini muzeylashtirish choralarini ko‘rish yo‘nalishida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanida joylashgan “Sherozqalʼa”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida joylashgan “Qo‘yqirilgan qalʼa”, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida joylashgan “Dalvarzintepa”, Andijon viloyati Marhamat tumanida joylashgan “Mingtepa”, Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan “Oqtepa” arxeologiya obyektlarida arxeologik qazuv ishlari uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirildi.
Davlat muzeylaridagi elektron identifikatsiya qilinadigan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari soni oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, hozirda davlat muzeylari fondlaridagi muzey ashyolari va kolleksiyalari soni ikki milliondan ziyodni (2 525 023 tani) tashkil etadi, shundan, bir million sakkiz yuz mingdan ortig‘i (1 815 211 tasi) asosiy fondda, yetti yuz o‘n mingga yaqini (709 812 tasi) ilmiy-yordamchi fondda saqlanmoqda, 82 067 tasi muzey ekspozitsiyalarida namoyish qilinmoqda. 2023-yilning 23-noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi milliy muzey fondi davlat katalogiga (goskatalog.uz) bir million uch yuzga yaqin (1 281 337 dona) muzey ashyolari va kolleksiyalari kiritildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 100 mingga yaqin muzey ashyolari kiritilishi rejalashtirilmoqda.
2023-yil yakuniga qadar davlat muzeylariga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini 3 mln nafarga yetkazish, 2024-yilda esa tashrifchilar sonini 1 mlnga oshirib, 4 mln nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shu bilan birga, davlat muzeylari rahbar va xodimlarining malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты