Buxoroda III "Naqshbandiya" turizm festivali o‘tkaziladi

2023-yil boshida Buxoro shahrida III "Naqshbandiya" turizm festivali o‘tkaziladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi delegasiyasining Malayziyaga tashrifi doirasida Jahon so‘fiylar markazi rahbariyati bilan uchrashuvida kelishuvga erishildi.

Jahon so‘fiylar markazi (World Sufi Center) bosh kotibi Abdul Karim bin Said Xadaid bilan kechgan muloqotda O‘zbekistonda ziyorat turizmi imkoniyatlarini targ‘ib qilish, respublikaga malayziyalik ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida joriy yil noyabr oyi boshida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan "Ziyorat turizmi haftaligi"da ishtirok etish, 2023-yil boshida Buxoro shahrida III "Naqshbandiya" turizm festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Termiz shaharlaridagi ziyoratgohlarni ko‘rish uchun Malayziyadan sayyohlarni jalb etish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Jahon so‘fiylar markazi 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan nodavlat tashkiloti hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Naqshbandiya - so‘fiylar tariqati bo‘lib, uning asoschisi, Buxoroda yashagan, islom rivojida muhim o‘rin tutgan olimlardan biri - Bahouddin Naqshband (1318-1389) nomi bilan ataladi. Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va Xitoy Naqshbandiya ta’limoti tarafdorlari asosiy markazlari hisoblanadi. Dunyoda bu ta’limotning 60 milliondan ortiq izdoshlari bor. Malayziyada ushbu tariqat vakillari soni 250 ming kishini tashkil qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122509 | Инструменты