“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekistonda atmosfera havosi sifatini baholashning besh darajali milliy indeksi joriy etilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, noqulay meteorologik sharoitlarda shaharlardagi barcha favvoralar uzluksiz ishlaydi, energetika korxonalarida mazut yoqish taqiqlanadi, sog‘lig‘i yomonlashgan fuqarolarga esa ustuvor tartibda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Ekologiya qo‘mitasi atmosfera havosi sifati yomonlashishining oldini olish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Hujjat O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–46-son farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan.
Avtomobillar harakatiga cheklovlar kiritilishi mumkin
Qaror loyihasiga ko‘ra, atmosfera havosi sifati yomonlashgan davrlarda viloyat va shahar markazlarida og‘ir yuk tashuvchi avtomobillar harakatini vaqtincha cheklash yoki ularni shaharni aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltirish taklif etilmoqda.
Zaruratga ko‘ra, avtotransport vositalarining davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanish tartibi joriy etilishi mumkin. Bunda elektromobillar va maxsus transport vositalari istisno qilinadi.
Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining asoslantirilgan taklifiga ko‘ra, transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadigan ko‘chalar va yo‘l uchastkalarini belgilash nazarda tutilgan.
Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari pasaytirilishi mumkin
Atmosfera havosi sifati “qizil” va “binafsharang” darajada qayd etilganda atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga mansub xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirishi taklif etilmoqda.
Maxsus huquqiy rejimga ega va strategik obyektlar bundan mustasno bo‘ladi.
Mazkur talablar ijrosini Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya nazorat qilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, viloyat va shahar markazlari hamda ularga tutash hududlardagi issiqxonalarda yoqilg‘i hisoblanmaydigan mahsulotlardan foydalanishning oldini olish maqsadida muntazam reydlar o‘tkazish taklif etilmoqda.
Qurilish ishlariga vaqtinchalik cheklovlar kiritilishi mumkin
Havo sifati yomonlashgan davrlarda shahar markazlari va aholi zich joylashgan hududlarda qurilish ishlariga vaqtinchalik cheklovlar joriy etish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, qurilish maydonlarida chang bostiruvchi uskunalar va texnologiyalardan majburiy foydalanish, qurilish materiallarini yopiq holda saqlash va tashish, maydonlarni muntazam namlantirish hamda chang tarqalishini kamaytirishga qaratilgan boshqa talablarni belgilash taklif etilmoqda.
Noqulay meteorologik sharoitlarda energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanishni taqiqlash ham nazarda tutilgan. Avariya holatlari va energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash zarur bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.
Shaharlardagi barcha favvoralar uzluksiz ishlashi mumkin
Tabiiy changlanish kuchaygan va atmosfera havosi sifati yomonlashgan davrlarda mahalliy hokimliklar tomonidan shaharlardagi mavjud barcha favvoralarning uzluksiz ishlashini ta’minlash taklif etilmoqda.
Markaziy ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarni sug‘orish hamda maxsus transport vositalari yordamida namlantirish ishlarini kuchaytirish ham rejalashtirilgan.
Masofaviy ish va o‘qishga o‘tish taklif etilishi mumkin
Qaror loyihasiga muvofiq, havo sifati yomonlashgan yoki noqulay meteorologik sharoitlar kuzatilgan davrlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi Vazirlar Mahkamasiga quyidagi choralarni ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritib boradi:
- aholining ochiq havoda bo‘lishini cheklash;
- bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor shaxslarga uyda qolishni tavsiya etish;
- ta’lim muassasalarida ochiq havodagi mashg‘ulotlarni vaqtincha bekor qilish;
- ommaviy tadbirlarni cheklash;
- zaruratga ko‘ra, davlat tashkilotlarida ish rejimini o‘zgartirish yoki masofaviy ishlash tartibiga o‘tish.
Havo sifatini baholashning besh darajali tizimi joriy etilishi mumkin
Hujjatda atmosfera havosi sifatini yagona mezonlar asosida baholash va aholini erta ogohlantirish maqsadida atmosfera havosi sifati milliy indeksini tasdiqlash taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, havo sifati beshta darajaga ajratiladi. Havo sifati PM2.5, PM10, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi va ozon miqdori asosida baholanishi nazarda tutilgan.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdorini har kuni tahlil qilib, hududlar bo‘yicha havo sifatining umumiy darajasini aniqlab boradi.
Havo xavfli darajada ifloslanganda aholiga SMS yuboriladi
Loyihaga ko‘ra, atmosfera havosi sifati “qizil” yoki “binafsharang” darajada qayd etilganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali aholining mobil telefonlariga SMS-xabarlar yuborishi nazarda tutilgan.
Havo sifati haqidagi ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Gidrometeorologiya xizmati agentligining rasmiy veb-saytlarida va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi.
Sog‘lig‘i yomonlashgan fuqarolarga ustuvor tartibda tibbiy yordam ko‘rsatiladi
Havo sifati “qizil” va “binafsharang” darajada qayd etilgan davrlarda sog‘lig‘i yomonlashgan fuqarolarga oilaviy poliklinikalar va tez tibbiy yordam xizmatlari tomonidan ustuvor tartibda birламchi tibbiy yordam ko‘rsatish taklif etilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi havoning yuqori darajada ifloslanishi oqibatida yuzaga kelgan salomatlik asoratlari bo‘yicha statistik hisob va tahlil yuritishi hamda har yili Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etishi ko‘zda tutilgan.
Havo ifloslanishining sabablari jamoatchilikka oshkor etiladi
Ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish dasturlarini ustuvor tartibda amalga oshirish taklif qilinmoqda.
Atmosfera havosi sifati me’yoriy darajaga qaytgach, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi yuzaga kelgan holat sabablari, ko‘rilgan chora-tadbirlar va ularning samaradorligi haqida tahliliy hisobot tayyorlashi hamda uni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishi nazarda tutilgan.
Ekologiya qo‘mitasining taklifi asosida hujjatda nazarda tutilmagan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham amalga oshirilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112814 | Инструменты