Senat mast holda takroran mashina haydash, drift va tezlikni oshirish uchun jazolarni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi

O‘zbekistonda mast holda takroran avtomobil boshqarish, tezlikni me’yordan ortiq oshirish, drift va noqonuniy poygalar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining bugun, 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 21-yalpi majlisida ma’qullangan “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.

Jinoyat kodeksining 261-1-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mast holda transport vositasini takroran boshqarganlik uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 11 994 ta, 2025-yilda esa 13 521 ta huquqbuzarlik aniqlangan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga yangi 261-3-modda kiritilmoqda. Unga muvofiq, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar qo‘llanishi mumkin. Agar bunday harakat odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun 50 BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilmoqda. Qayd etilishicha, 2025-yilda 14 yosh va undan kichik yoshdagi shaxslar ishtirokida 168 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qonunga muvofiq, belgilangan tezlikni me’yordan ortiq oshirganlik uchun jarimalar miqdori ham ko‘paytirilmoqda:

- tezlikni soatiga 40 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun – 25 BHMgacha;
- soatiga 60 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun – 45 BHMgacha;
- soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun – 65 BHM jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan olti oyga mahrum qilish.

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida tezlikni soatiga 40–60 kilometrga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.

Hujjatda yo‘l bezoriligi, noqonuniy avtomobil poygalari, xavfli manyovrlar, drift hamda boshqa harakat ishtirokchilariga qasddan to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ham nazarda tutilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq 604 ta, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 572 ta huquqbuzarlik aniqlangan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonundan ko‘zlangan maqsad faqat jazolarni kuchaytirish emas, balki xavfli qoidabuzarliklarning oldini olish, haydovchilar mas’uliyatini oshirish va yo‘llarda insonlar hayotini muhofaza qilishdan iborat.

Muhokamalar yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112815 | Инструменты