Namangan viloyat hokimligining xabar berishicha, “Axsi osori-atiqalar” muzeyidagi 1300 dan ortiq noyob eksponat “Milliy mulk” sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Ularning uch o‘lchamdagi tasvirlari professional kameralar tomonidan suratga muhrlandi.
To‘raqo‘rg‘on tumani Yakkatom mahallasida joylashgan Axsi sayyidlari ilmiy-ma’rifiy, me’moriy majmuasi tarkibidagi ushbu muzeyda Mirzo Bobur va Temuriylar davriga oid mingdan ortiq eksponat to‘plangan.
Ahamiyatlisi, ularning bari shu qishloqdagi qazishma ishlari davomida qo‘lga kiritilgan noyob topilmalardir.
“Muzeyimizda I asrdan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda foydalanuvda bo‘lgan ashyolar saqlanmoqda. Ular orasida 2000 yillik suvdon, 1000 yillik shamshir va qilich, 1200 yillik muhr alohida o‘ringa ega” - deydi majmua rahbari Bilolxon Rustamov.
Ayni paytda muzey uchun yangi joy hozirlanmoqda. Majmua tarkibidagi Hunarmandchilik markazi, ilmiy-qo‘lyozmalar maktabi ham joriy yilda foydalanishga topshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41904 | Инструменты