Ozarbayjon milliy gilam muzeyi kolleksiyasi yana bir noyob sanʼat asari bilan boyidi. Berlinda yashovchi Ozarbayjon adabiy-madaniy “Ishig‘ yo‘l” jamoasi aʼzosi, kolleksioner Hojat Abasiy 1825 yil Shushada to‘qilgan “Achma-Yumma” nomli Qorabog‘ gilamini majmuaga sovg‘a qildi.
“AzerTAJ” yozishicha, gilam o‘rtasi va cheti geometrik hamda gulli naqsh, takrorlanmas tasvir bilan bezatilgan.
Hojat Abasiy 199 yillik nafis asarni vatanida ko‘rgazmaga qo‘yishdek orzusi ro‘yobga chiqqanidan mamnunligini bildirdi.
Muassasa direktori Amina Melikova bu ezgu tashabbus – nodir hunarmandlik namunasi hadya qilingani uchun kolleksionerga minnatdorlik bildirdi. Mutaxassis fikricha, ajoyib kompozitsiyasi, rang uyg‘unligi va bezak boyligi bilan ajralib turadigan “Achma-Yumma” muzeyning Shushadagi filiali ko‘rgazmasidan munosib o‘rin egallaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11514 | Инструменты