Respublika muzeylari fondida O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq 2,5 mlndan ziyod noyob ashyo va kolleksiya saqlanadi
Hozirgi davrda muzeylar turizm sohasining yetakchi tarmog‘iga aylanib bormoqda. Bugungi kunda respublikamizda 150 ta muzey faoliyat yuritib kelmoqda, shundan 49 tasi asosiy muzeylar (ulardan 6 tasi muzey-qo‘riqxonalar) va 78 tasi filiallar, shuningdek, 16 tasi idoraviy va 7 ta nodavlat muzeylar hisoblanadi. Respublika muzeylari fondlarida jami 2,5 mlndan ortiq yurtimiz tarixi bilan bog‘liq noyob muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud.
So‘nggi yillarda muzeylar sohasini rivojlantirishda asosiy e’tibor sohaga axborot texnologiyalarni faol tadbiq qilish, raqamlashtirish ishlariga qaratilmoqda. Hozirgi kunga qadar Milliy muzey fondining davlat katalogiga davlat muzey va muzey-qo‘riqxona hamda uy-muzeylaridan jami 1,2 mlnga yaqin muzey ashyolari kiritilgan.
Muzeylarga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish maqsadida davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi "Ochiq eshiklar kuni" deb e’lon qilindi va tashrif buyuruvchilarga bepul etib belgilandi. Shuningdek, haftaning har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko‘rish uchun davlat muzeylariga bepul kiritiladi, deb belgilab qo‘yilgan.
2022-yilda O‘quvchi va talabalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va boshqa fuqarolarning muzeylar va mamlakatimizning tarixiy manzilgohlariga tashriflarini tashkil etish maqsadida “Moziyga sayohat” dasturi ishlab chiqildi.
Dastur doirasida o‘tgan davr mobaynida (2022-yil avgust – 2023-yil aprel) jami 800 586 nafar aholining muzeylarga qo‘shimcha tashrifi tashkil etildi.
Shundan:
- 81 260 nafari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- 113 366 nafari davlat tashkilotlari va muassasalari xodimlari;
- 605 960 nafari esa o‘quvchi va talaba yoshlarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, tashriflar sonini oshirish maqsadida o‘tgan davr mobaynida muzeylarda 200 dan ortiq "Muzeyda tun", "Open Air Fest" kabi ko‘ngilochar dasturlar, konsert tomoshalari tashkil qilindi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar, maktab yoshidagi bolalar, keksa tashrif buyuruvchilar va ularga hamrohlik qiladigan shaxslarning muzeylarga tashrif buyurishlari uchun inklyuziv shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
47 ta muzeyda pandus yo‘lakchalari, 7 ta muzeyda ko‘tarilish vositalari (lift) o‘rnatilgan va 30 ga yaqin muzeylarda audiogidlar tashkil etilgan.
2022-2023-yillarda respublikadagi davlat muzeylari tomonidan 400 dan ortiq ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etilgan.
Biroq, olis va chekka hududlarda muzey fondlarida saqlanayotgan noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining ko‘chma ko‘rgazmalarini tashkil etish uchun xavfsiz va maqbul joyning yo‘qligi, ashyolarni xavfsiz tashish uchun maxsus transport vositalari mavjud emasligi asosiy muammolardan biri bo‘lib kelmoqda. Muzeylarni aholiga yaqinlashtirish, olis va chekka hududlarda ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etish choralarini kuchaytirish maqsadida bu boradagi muammo yechimi bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Xususan, muzey ashyolarini xavfsiz tashish uchun 9 ta maxsus transport vositalari bilan ta’minlandi.
Davlat muzeylariga madaniy boyliklarni, shu jumladan, mustaqillik yillarida yaratilgan, yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san’at asarlarini xarid qilish uchun "Milliy merosga mening hissam!" umumxalq aksiyasi tashkil etilib kelinmoqda. Aksiya doirasida har yili davlat budjetidan 3 mlrd so‘mdan hamda hududlardagi tegishli davlat muzeylariga mahalliy byudjetdan 500 mln so‘mdan mablag‘ ajratib borilishi belgilandi.
Aksiya doirasida bugungi kunga qadar aholidan jami 3 811 ta ashyo va buyumlar to‘plandi. Shundan, 3 400 ta ashyo va buyumlar aholi tomonidan muzeylarga beg‘araz topshirildi.
147 ta ashyo 7,5 mlrd so‘m miqdorda baholandi va ularni respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan xarid qilish bo‘yicha Badiiy ekspertlar kengashi qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122208 | Инструменты