Berlinda O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasida keng qamrovli muzokaralar

Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “ITB Berlin 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda BMT Turizm tashkiloti Bosh kotibi Shaikha Nasser Al Nowais o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda barqaror turizmni rivojlantirish, xususiy sektor va a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, BMT agentliklari bilan o‘zaro ishlash, kadrlar salohiyatini oshirish (capacity building) va milliy turizm strategiyalarini amalga oshirishda institutsional hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida BMT Turizm Bosh kotibi Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan qabul qilingan “2027-yil - Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ni yuqori darajada o‘tkazish maqsadida joriy yilning 2-fevral kuni BMT Turizm tomonidan “Yo‘l xaritasi” e’lon qilingani hamda ushbu yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarni tashkil etishda O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barqaror va yashovchan turizmni rivojlantirish ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga, tomonlar joriy yil yakunida “2027-yil - Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ni ochilish marosimlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha tegishli tadbirlarni tashkil etishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida Turizm qo‘mitasi raisi BMT Turizm Bosh kotibini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. Shuningdek, tomonlar turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni ilgari surish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash borasida birgalikda ishlashga kelishib oldilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30512 | Инструменты