Surxondaryoda Yunon-Baqtriya tarixi muzeyi tashkil etilmoqda
Surxondaryo viloyati Turizm va madaniy meros boshqarmasi, Boysun tumani hokimligi va tuman kadastr bo‘limlari xodimlaridan iborat ishchi guruh Yunon-Baqtriya tarixi muzeyini tashkil etish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshlashdi.
Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “Uzundara” arxeologiya yodgorligini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 308-son qaroriga ko'ra amalga oshirilmoqda.
Dastlab muzey uchun ajratilgan joylarning koordinatlari aniqlanib, hudud xaritasiga kiritildi. 21x14 metr maydonda muzey loyihasini tuzish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, tashkil etilayotgan Sayrob turizm qishlog‘ida muzey bilan bir qatorda turizm infratuzilmasini yaxshilash va boshqa xizmat ko‘rsatish turlarini joriy etish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Madaniy meros agentligi tomonidan yodgorlikning muhofaza hududini belgilash, obyektni pasportlashtirish, restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha ham loyihalar tayyorlanmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60114 | Инструменты