O‘zbekiston prezidentining shu oy Vengriyaga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi.
Bu albatta turli sohalar qatori, madaniy-gumanitar almashinuvlarni ham yanada faollashtiradi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy munosabatlar o‘zaro hurmat va tarixiy yaqinlik asosida mustahkamlanib bormoqda. 30-may kuni Velens va Kechkemet shaharlarida bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirlar bunga misol bo‘la oladi.
Vengriyaning Kechkemit shahrida o‘tkazilgan Milliy taomlar festivalida O‘zbekiston vakillari birinchi marta ishtirok etdi.
Tadbir doirasida milliy stend tashkil etildi. Ishtirokchilarga mamlakatimizning madaniy, tarixiy va turizm salohiyati namoyish etildi.
Ikki kun davomida O‘zbekiston milliy stendiga mingdan ortiq insonlar, xususan madaniy va ishbilarmon doiralar vakillari, Kechkemet shahri aholisi, Vengriyaning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar tashrif buyurdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, xalq hunarmandchiligi, gastronomiyasi va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, Kapolnashnek shahridagi Karpat havzasi xalq amaliy san’ati maktabida taniqli vengeriyalik fotoreportyor Shandor Uyvarining O‘zbekistonga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi. Ushbu ko‘rgazma muallifning 2023-yilda mamlakatimizga qilgan safari davomida olgan suratlarini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Vengriya Milliy assambleyasi spikeri o‘rinbosari Shandor Lejak bilan hamkorlikda diplomatik vakolatxona rahbari va xodimlari hamda Turkiy davlatlar tashkilotining Budapeshtdagi ofisi rahbari Balaj Xendrix sayohatchi, olim Mulla Sodiq qabrini ziyorat qilishdi. Olim Velens shahrida dafn etilgan. Mulla Sodiq sharq ilmining atoqli namoyandasi bo‘lib, mashhur venger sharqshunosi va sayyohi Armin Vamberi bilan uzoq yillar yaqindan hamkorlik qilgan. 1863–1864-yillarda O‘rta Osiyoga qilgan ekspeditsiyalari chog‘ida Vamberi Xiva, Buxoro va Samarqandda bo‘lib, u yerda mahalliy olimlar, jumladan, mulla Sodiq bilan aloqa o‘rnatadi. Ularning o‘zaro ta’siri mintaqa madaniyati va tilini o‘rganishga ilmiy yondashuvning shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Mulla Sodiq qabri Shandor Lejak tashabbusi va homiyligida obod qilinib, ko‘p yillardan beri saqlanib kelinmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60218 | Инструменты