Huawei 1
PSJ “Inter”ni mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor UEFA Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi

1 iyunga o‘tar kechasi Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” (PSJ) klubi Italiyaning “Inter” klubini yirik 5:0 hisobida mag‘lub etdi hamda o‘z tarixida ilk bor UEFA Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi.

Hal qiluvchi uchrashuv Germaniyaning Myunxen shahridagi “Alyans Arena” stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning 12-daqiqasida marokashlik himoyachi Ashraf Hakimi hisobni ochdi. Oradan sakkiz daqiqa o‘tib, fransiyalik hujumchi Dezire Due hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. U ikkinchi bo‘limda ham gol urib, dubl qayd etdi (63-daqiqa). 73-daqiqada gruziyalik vinger Xvicha Kvaratsxeliya qarshi hujumni aniq zarba bilan yakunlab, to‘rtinchi golni urdi. O‘yinning 86-daqiqasida esa fransuz yarim himoyachisi Senni Meyulyu 5-golni urib, o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Qolaversa, PSJ safida Usmon Dembele ikki marta golli pas berdi. Shuningdek, Due, braziliyalik Vitinga va fransuz hujumchisi Bradli Barkola ham bittadan assist bilan o‘yinda ajralib turdi. Bu natija PSJ klubi uchun tarixiy bo‘lib, ular ilk marta Yevropaning eng nufuzli musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, PSJ 2020 yilda finalga chiqqan, biroq o‘shanda “Bavariya”ga mag‘lub bo‘lgan edi. Joriy mavsumda PSJ jami to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritdi – Chempionlar Ligasi, Fransiya chempionati, Fransiya kubogi va Superkubogi. “Inter” esa Chempionlar Ligasi finalida to‘rtinchi bor mag‘lubiyatga uchradi. Ular ushbu musobaqani avval uch marta yutgan, oxirgisi 2010 yilda bo‘lgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60301 | Инструменты