Xitoy hukumati tomonidan chet davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga guruhli sayohatlar qayta tiklandi
Joriy yil 15-martdan Xitoy sayyohlik agentliklari va onlayn sayohat xizmati provayderlari test rejimida guruhli turlar sayohatlarini tashkil qilishni davom ettirmoqda.
Ta’kidlanishicha, Xitoy fuqarolari guruh bo‘lib jami 40 ta, xususan, Oʻzbekiston, Nepal, Bruney, Vyetnam, Moʻgʻuliston, Eron, Iordaniya, Tanzaniya, Namibiya, Mavrikiy, Zimbabve, Uganda, Zambiya, Senegal, Qozogʻiston, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Serbiya, Xorvatiya, Fransiya, Gretsiya, Ispaniya, Islandiya, Albaniya, Italiya, Daniya, Portugaliya, Sloveniya, Vanuatu, Tonga, Samoa, Braziliya, Chili, Urugvay, Panama, Dominika, Salvador, Dominika, Bagama orollari kabi davlatlarga sayohat qilishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda xitoylik sayyohlar uchun ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida viza rejimi bekor qilingan. Bundan tashqari, Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys yo‘lga qo‘yilgan. Bu va boshqa chora-tadbirlarning natijasi o‘laroq xitoylik sayyohlarning yurtimizga tashrifi ortib bormoqda.
Xususan, 2018-yilda 32,5 ming nafar xitoylik sayyoh Oʻzbekistonga kelgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2019-yilda 1,7 barobarga ortib, 54,3 ming nafarni tashkil qildi. 2021-yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli xitoylik turistlar oqimi 3,6 ming nafargacha kamaydi. Ammo 2022-yilda yana bu raqamlar oshdi — Xitoydan O‘zbekistonga 5,4 ming nafar turist tashrif buyurdi.
Xitoyliklarning O'zbekistonga sayohati iqtisodiyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Statistika agentligining tadqiqotiga muvofiq, Oʻzbekistonda boʻlish davomida 1 nafar xitoylik sayyoh turizm xizmatlari uchun oʻrtacha 1,1 ming AQSH dollari sarflaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111617 | Инструменты