O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Ruminiyaning Accesa kompaniyasi bosh direktori Andrea Marliere va moliyaviy direktori Rares Breaz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
2004-yilda Ruminiyada asos solingan Accesa kompaniyasi dasturiy ta’minot ishlab chiqish, bulutli yechimlar, avtomatlashtirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari va raqamli ish o‘rinlari bo‘yicha ixtisoslashgan. Hozirgi kunda kompaniyada 1300 ga yaqin xodim mehnat qilmoqda.
Joriy yilning iyun oyida Accesa vakillari O‘zbekistonning davlat qo‘llab-quvvatlash dasturlari, infratuzilmasi va kadrlar salohiyatini o‘rganish maqsadida mamlakatga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida ular hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun bir qator kompaniyalar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazishdi. Olingan ma’lumotlarni chuqur tahlil qilgach, kompaniya mintaqaning autsorsing salohiyatiga katta qiziqish bildirdi. Oktabr oyida Accesa O‘zbekistonning istiqbollari va biznes muhitini yanada o‘rganish maqsadida mahalliy IT-kompaniya bilan hamkorlikda tajriba loyihasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu sinov loyihasining muvaffaqiyati kompaniyaning 2025-yilda mamlakatda keng ko‘lamli faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun poydevor bo‘lishi mumkin.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston uchun Yevropa bozoriga IT-xizmatlar eksportini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi. Accesa tufayli o‘zbekistonlik mutaxassislar xalqaro loyihalarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu esa ularning kasbiy malakasini sezilarli darajada oshiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning istalgan hududidan masofaviy ishlash imkoniyati asosiy afzallikka aylanadi, bu esa butun mamlakat bo‘ylab keng doiradagi mutaxassislarga xalqaro loyihalarga jalb etilish imkonini beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111017 | Инструменты