Davlat budjeti daromadlari 116 trln so'mni tashkil etib, prognoz 108,4 foizga oshirib bajarilgan
Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining O'zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2021 yil 9 oyidagi ijrosi to'g'risidagi hisoboti eshitildi.
Budjet ijrosini ta'minlashda asosiy e'tibor iqtisodiy barqarorlikni saqlash, ijtimoiy sohani qo'llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish yuzasidan qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlaridagi vazifalarga qaratilgan.
“2021 yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to'g'risida”gi Qonunning 9 oyidagi ijrosi belgilangan parametrlar doirasida ta'minlangan.
O'z vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va pul-kredit choralari tufayli hisobot davrida respublika iqtisodiyoti 6,9 foizga o'sgan, YAIM hajmi 519,8 trln so'mni tashkil etgan.
Iqtisodiy o'sish sur'atlari sanoatda 9,0 foizni, qurilish sohasida 4,5 foizni, qishloq xo'jaligi, o'rmon xo'jaligi va baliqchilik sohalarida 4,2 foizni hamda xizmat ko'rsatish sohasida 7,6 foizni tashkil etgan. Iqtisodiyotda o'sish sur'atlarini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida inflyatsiya darajasi yil boshidan 5,9 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida Davlat budjeti daromadlari 116 trln so'mni tashkil etib, belgilangan prognoz 108,4 foizga yoki 9,0 trln so'mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o'tgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 trln so'mga ko'paygan.
Davlat budjetining 2021 yil 9 oylik xarajatlari davlat maqsadli jamg'armalarisiz 130 trln 265,1 mlrd so'mni tashkil etib, aniqlangan reja ko'rsatkichlariga nisbatan 95,8 foizni yoki YAIMga nisbatan 25,1 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 120 foizga bajarilgan yoki 25 trln 495 mlrd so'mni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 104 foizga ijro etilib, 46 trln 497 mlrd so'mni tashkil etgan.
Mahalliy budjetlar mustaqilligini oshirish bo'yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad ko'rsatkichi 6 trln 385 mlrd so'mga ortig'i bilan ijro etilgan.
Bu esa, o'z navbatida, aholini ijtimoiy himoyalash va kambag'allikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to'lovlarini o'z vaqtida amalga oshirish imkonini berdi.
Ta'kidlanganidek, hisobot davrida ijtimoiy sohaga Davlat budjetidan 64 trln 38 mlrd so'm yoki umumiy xarajatlarning 49,2 foizi miqdorida mablag' ajratilgan.
Senatorlar hisobot davrida budjet mablag'laridan samarali foydalanishni ta'minlash maqsadida yagona g'azna hisobvarag'ining ishonchli va barqaror ishlashi hamda inson omili aralashuvini qisqartirish bilan bog'liq chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga e'tibor qaratdi.
Moliya vazirligiga byudjetdan mablag' oluvchi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ajratilgan mablag'lardan maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan ta'sirchan nazorat tizimini o'rnatish, byudjet mablag'larining natijadorligini ta'minlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy etish maqsadga muvofiqligi ko'rsatib o'tildi.
Shu munosabat bilan budjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan rasmiy veb-saytlarda byudjet mablag'lari xarajatlari, budjet ochiqligini ta'minlash yuzasidan tegishli ma'lumotlarni joylashtirish zarurligi bildirildi.
Bundan tashqari, aholini tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e'tibor qaratish, jumladan, “Fuqarolar tashabbusi jamg'armasi” mablag'larini shakllantirish, ulardan samarali va maqsadli foydalanish bo'yicha ma'lumotlarni rasmiy veb-saytga, jumladan “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirishni doimiy nazorat qilish lozimligi ta'kidlandi.
Aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va bandligini ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish zarurligi ham ta'kidlab o'tildi.
Davlat budjetining 2021 yil to'qqiz oyidagi ijrosi to'g'risidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41907 | Инструменты