“EPAM” O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar markazini tashkil etishga yordam beradi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrifi davomida “EPAM Systems” texnologiya yechimlari bo‘yicha vitse-prezidenti Kris Layer, davlat sektori bo‘yicha vitse-prezident Anna Danegger va raqamli aloqalar bo‘yicha katta direktor Liza Butcher bilan uchrashdi.
Vazir kompaniya vakillariga O‘zbekistonda ta’lim faoliyatini kengaytirish taklifini bildirib, kelgusi yilda 65 ming IT-mutaxassisni tayyorlash maqsadiga erishishda kompaniya hissasi zarurligini ta’kidladi. Xususan, sun’iy intellektga ixtisoslashgan yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratilishi mumkin.
“EPAM” vakillari ommabop ta’lim kurslarini tashkil qilishda mutaxassislarni jalb qilish salohiyatiga ega ekanligini ta’kidladilar. Mazkur loyihani Jahon banki va XVF tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sherzod Shermatov kompaniya elektron hukumat sohasidagi loyihalarni amalga oshirish tajribasiga egaligini hisobga olib, O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar markazini tashkil etish taklifini bildirdi.
Gap mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish laboratoriyasini O‘zbekistonda tashkil qilish haqida ketmoqda. Bu orqali keyinchalik boshqa mamlakatlarga eksport qilishda elektron hukumat loyihalarida tatbiq etish mumkin.
Taklif qilingan g‘oyalarni kompaniyaning yuqori rahbariyati bilan vaqt oralig‘i va ularni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslarni batafsilroq baholash bo‘yicha muhokama qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122520 | Инструменты