Malayziya kompaniyasi O'zbekistonda oltinni qayta ishlash va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Public Gold Group" kompaniyasi qarorgohiga tashrif buyurdi hamda kompaniya asoschisi va bosh direktori Luis Chun Xau bilan uchrashuv o'tkazdi

Muloqot chog'ida Chin Xau malayziya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan oltin mahsulotlari shou-rumi, noodatiy dizaynlarda ishlangan zargarlik buyumlari namunalari bilan tanishtirdi hamda kompaniya rivojlanish tarixi, faoliyat turlari to'g'risida taqdimot qildi.

Malayziya tomoniga O'zbekistonda qulay biznes muhiti shakllanganligi, jumladan xorijiy investorlar uchun yaratilgan qator imtiyozlar, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat mavjudligi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maxsus zargarlik zonalari tashkil etilayotgani to'g'risida ma'lumot berildi.

Malay kompaniyasi tajribasidan kelib chiqib, xorij tomon bilan O'zbekistonda oltin qazib olish bo'yicha geologiya qidiruv ishlarida ishtirok etish, oltindan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga kelishildi.

Shuningdek, Chin Xau O'zbekistonning yirik shaharlarida kompaniya o'z brendi ostida oltin va qimmatbaho metall buyumlari savdo nuqtalarini barpo etish to'g'risidagi taklif katta qiziqish uyg'otayotganligini ma'lum qildi.

Uchrashuvda kelgusi oyda kompaniya rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

"Public Gold Group" kompaniyasiga 2008-yilda Luis Chun Xau tomonidan asos solingan. Hozirda kompaniyalar guruhi oltin ishlab chiqarish, qimmatbaho metall savdo markazlari, oltinni qayta ishlash va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oltin quymalarni zarb etish, elektron tijorat, turizm, jamg'arma, mikromoliya xizmatlari sohasida faoliyat ko'rsatuvchi 9 ta kompaniyani o'z ichiga oladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70310 | Инструменты