Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan “2023-yil I yarim yilligi uchun moliyaviy barqarorlik sharhi”da taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda tijorat banklari kredit portfelida avtokreditlar ulushi keskin ortishi kelgusida ichki va tashqi omillar taʼsirida avtoulov narxlarining keskin pasayishi oqibatida banklarda yirik kredit yoʻqotishlarini keltirib chiqarishi mumkin.
“Iqtisodiy inqiroz sharoitida aholi daromadlarining tushishi avtoulovlarga boʻlgan talabni kamaytirishi tufayli narxlarning keskin pasayishi kuzatilishi mumkin. Bunday holatda, banklar kredit yoʻqotishlarini garov sifatida olingan avtoulovlarni sotish orqali qoplay olmasligi mumkin”, — deyiladi hisobotda.
Raqamlarga koʻra, 2023-yil I yarim yilligida avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan kredit muddati 4,4 yilni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,6 yilga koʻpaygan.
Avtokreditlar boʻyicha foiz stavkalar nisbatan yuqori darajada saqlanib qolib, 2023-yil I yarim yilligida oʻrtacha 24 foiz atrofida shakllangan. Biroq, kredit muddatining uzayishi aholini avtoulov xarid qilish qobiliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
2023-yil I yarim yilligida Oʻzbekistonda qariyb 162 mingta yengil avtoulov (maxsus yengil avtoulovlardan tashqari) ishlab chiqarilgan boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga oshgan.
2023-yil boshiga koʻra, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan mamlakatda mavjud yengil avtoulovlar sonining 11 foizga oʻsishi kuzatildi. 2023-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston boʻyicha har 1000 nafar doimiy aholiga 94 ta yengil avtomobil toʻgʻri kelgan va 2022-yilning mos davriga nisbatan qariyb 8 taga ortgan.
“Kelgusida mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi natijasida import uchun bojxona tariflarining qisqarishi, shuningdek Oʻzbekistonda qoʻshimcha avtoulov ishlab chiqarish korxonalarining tashkil etilishi avtoulov bozoridagi taklif hajmini ortishiga xizmat qiladi. Bu esa, ichki bozorda avtoulov narxlarining pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.
Avtoulov narxlarining arzonlashishi natijasida tijorat banklari tomonidan avtokreditlar ajratishda garov sifatida qabul qilingan avtoulovlarning bozor qiymati kamayadi. Bunda, ajratilgan avtokreditlar yetarlicha garov taʼminoti bilan taʼminlanmasligi yuzaga kelishi mumkin. Natijada, qarz oluvchilarda kredit toʻlashdan koʻra garovdan voz kechish ehtimoli yuqorilab, tijorat banklarida avtokreditlar boʻyicha muammoli kreditlarning ulushi va kredit yoʻqotishlari hajmining ortishi kuzatiladi”, — deyiladi hisobotda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122307 | Инструменты