Gʻuzorda zamonaviy koʻchatchilik markazi tashkil etildi

Prezidentning 2026-yil 23-sentabrdagi farmoni bilan mahallalarning koʻkalamzorlashtirishdagi rolini kuchaytirish, “3-30-300” tamoyili asosida yashil hududlarni kengaytirish vazifalari belgilangan. Yangi markaz sifatli koʻchat yetishtirishni mahallalar ehtiyoji, daraxtlarni parvarishlash va aholi bandligi bilan bogʻlashga qaratilgan.

Xorij tajribasi asosida 65 gektar maydonda tashkil etilgan majmuaning qiymati 9,5 milliard soʻm. Bu yerda 100 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Markazning 50 gektari manzarali daraxtlar, 5 gektari mevali daraxtlar, 3 gektari buta va gul koʻchatlarini yetishtirishga ajratilgan. Birinchi bosqichda 1,6 million dona, keyingi bosqichda 5 million dona nihol va koʻchat yetishtirish rejalashtirilgan. Bu yerda 41 turdagi manzarali va ignabargli daraxt koʻchatlari mavjud.

Majmuada ochiq koʻpaytirish maydonlari, issiqxona, urugʻdan nihol yetishtirish va koʻchatlarni soyalash inshootlari barpo qilingan. Sigʻimi 4,2 ming kub metr boʻlgan uchta membranali suv havzasi tashkil etilib, 20 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilgan. Kompost va mulcha tayyorlash uskunalari hamda quyosh panellaridan foydalanilmoqda.

Zamonaviy texnologiyalar yil davomida, jumladan, ekish mavsumidan tashqari vaqtda ham koʻchat yetishtirish imkonini beradi. Natijada anʼanaviy usullarga nisbatan yetishtirish hajmi 8-10 barobar koʻpayib, suv sarfi 3 baravar kamayadi. Bu koʻchatlar tannarxini 30-40 foizga pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Markazda mahallalarni yashillashtirish uchun alohida xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan. Ular koʻchat va butalar yetkazib berish, zararlangan daraxtlarni davolash, mulchalash hamda tomchilatib sugʻorish tizimlarini tashkil etishni qamrab oladi. Har bir mahallaga oʻrmonchi murabbiy biriktirilib, “yettilik” aʼzolari uchun har bir ekish mavsumi oldidan oʻquvlar oʻtkaziladi.

Aholi ham koʻchat yetishtirish jarayoniga jalb qilinmoqda. Kooperatsiya shartnomalari asosida fuqarolarga nihollar yetkazib beriladi. Xonadonlarda bir-ikki mavsum davomida yetishtirilgan tayyor koʻchatlarning kafolatli xarid qilinishi oilalar uchun qoʻshimcha daromad manbai boʻlib xizmat qiladi.

Davlat rahbari markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirib, koʻchat ekish va bogʻ yaratish xalqimizga xos ezgu anʼana ekanini taʼkidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102121 | Инструменты