Huawei 1
Misr kompaniyasi O'zbekistonda farmatsevtika sohasida qo'shma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o'rganmoqda

O'zbekiston elchixonasi ko'magida Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi mutasaddilari va Misrning "ACDIMA" farmatsevtika kompaniyalar guruhi rahbari Ulfat G'urab hamda mazkur guruh tarkibidagi korxonalar rahbarlari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot chog'ida mazkur kompaniya delegatsiyasining 2024-yil 23-25-dekabr kunlari O'zbekistonga qilgan safari natijalari, o'zbek tomoni bilan erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, kompaniya dori vositalari va mahsulotlarini mamlakatimizda ro'yxatdan o'tkazish, farmatsevtika bozoriga kirish, biznes faoliyatini boshlash bilan bog'liq huquqiy-tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Misr tomoni O'zbekiston farmatsevtika bozorini tahlil qilish natijalariga ko'ra, har yili mamlakatga qiymati 1 milliard dollarlik 55 turdagi dori vositalari import qilinishini ma'lum qildi.

Mazkur dorilarning aksariyati "ACDIMA" kompaniyalar guruhi tomonidan Misrda ishlab chiqarilishi, ularning narxlari esa boshqa xorijiy farmatsevtika korxonalari narxlaridan ancha arzonligi va sifatli ekanligi qayd etildi. Shu o'rinda, Misr kompaniyasi bilan farmatsevtika sohasida qo'shma loyihani amalga oshirish orqali ushbu turdagi dori-vositalari narxini sezilarli darajada arzonlashtirish mumkinligi ta'kidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari va kompaniya mahsulotlarini ro'yxatdan o'tkazish bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish maqsadida kompaniya ishchi guruhining joriy yil 10-15 fevral kunlari O'zbekistonga safarini tashkil qilish to'g'risida kelishib olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11917 | Инструменты