Huawei 1
“O‘zbekiston energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda” — Energetika vaziri Yevropaga yashil elektr energiyasi eksporti haqida

O‘zbekistondan Yevropaga “yashil” elektr energiyasi eksporti mamlakat energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 18-noyabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning qayd etishicha, joriy yilda “yashil” energetika yo‘nalishida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi uch barobardan ortiqqa — $1,3 mlrddan $4,6 mlrdgacha oshadi.

Yevropaga “yashil” energetika yo‘lagini tashkil etish loyihasiga xalqaro kompaniyalar va moliyaviy institutlar qiziqish bildirayotgani qayd etildi. 8-noyabr kuni Energetika vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) qo‘shma korxona faoliyatini tayyorlashni texnik qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida bitim imzoladi.

“Biz Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi ishtirokida yo‘l xaritasini imzoladik. Ya’ni, Saudiya Arabistoni kompaniyalari bu loyihaga ham ulushdor, ham texnologik hamkor sifatida kirishga qiziqish bildirishdi va ular ishtirokdia tegishli hujjatlarni imzoladik”, — dedi vazir.

Loyiha doirasida Kaspiy dengizi tubidan, so‘ngra Ozarbayjon va Gruziya orqali, keyinroq Qora dengiz tubidan Ruminiyaga kabel yotqizish rejalashtirilgan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish uchun Italiyaning “CESI” kompaniyasi tanlangan. Hozirda kompaniya bilan TIA ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, Mirzamahmudov O‘zbekistonning loyihadan ko‘radigan foydalarini sanab o‘tar ekan, bular qatorida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarning kirib kelishini ta’kidladi.

“Mazkur loyiha uchun Ustyurt hududida xorijiy investorlar ishtirokida elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, alohida generatsiya obyektlari quriladi”, — dedi u.

Kelasi yilda TIA asosida hujjatlar kelishuvi, moliyaviy manbalarni hal qilish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash amalga oshiriladi. Texnik-iqtisodiy asosda elektr energiyasini yetkazib berish hajmlari, loyihaning texnik ko‘rsatkichlari va tomonlarning ulushdorlik asosidagi ishtiroki kelishib olinadi.

Vazir Ozarbayjon va Gruziya ham o‘z elektr energiyasini eksport qilishi mumkinligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini 2026−2027-yilda boshlash rejalashtirilgan. Loyiha 2028−2030-yilga borib ishga tushirilishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11923 | Инструменты