Huawei 1
O‘zbekiston va BAA sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi arafasida Abu Dabi shahrida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda BAA tomonidan usbu davlatning energetika va infratuzilma vaziri Suhail Mohamed Al Mazrui boshchilik qildi.

Laziz Kudratov o‘zining qutlov so‘zida O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida oliy darajada o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar mustahkamlanib borayotgani sababli, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

2021-yildan buyon BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi yiliga o‘rtacha 20 foizdan ko‘proqqa oshib bormoqda va 2024-yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 650 millionga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 337 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 114 tasi qo‘shma korxona va 223 tasi 100% xorijiy korxonalardir. 2023-yilda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga 1,08 milliard dollar, 2024-yilda esa 1,5 milliard dollardan ortiq BAA investitsiyalari o‘zlashtirildi.

Birgalikda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar anʼanaviy va muqobil energiya, infratuzilma, kimyo sanoati, geologiya, IT, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarini qamrab oladi.

“O‘zbekiston-BAA” investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Uning investitsiya portfeli bugunga kelib tibbiyot, geologiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida umumiy qiymati 192,5 million dollar bo‘lgan 7 ta loyihani tashkil etmoqda. 140 million dollarlik 9 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.

Biroq erishilgan natijalar ikki davlatning iqtisodiy salohiyatini umuman aks ettirmaydi, shu bois hamkorlik hajmini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks choralar ko‘rilmoqda.

Bugun imzolanayotgan hujjatlar ana shunday qadamlardan biridir. Bu 15 ta kelishuv vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar tomonidan birgalikda olib borilgan sa’y-harakatlarning mevasi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlik tarixida yangi sahifa ochmoqda.

Marosimda “AMEA Power”, “Masdar”, “Solar Power Shine”, “M42”, “Burjeel” Holdings”, “IFFCO Group”, “TWS”, “Alserkal Group”, “Metito”, “AD Ports”, “Jetex”, “Emirates Group” va boshqa kompaniyalar bilan energetika, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv taʼminoti, transport, logistika sohalarida investitsiya bitimlari va shartnomalar imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11512 | Инструменты