Prezident tashabbusi bilan MISiS Fan va texnologiyalar universiteti va OKMK hamkorligida "GeoMetTex" ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etilmoqda.
Ayni kunlarda poytaxtda o‘tkazilayotgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-sanoat hamkorligining muhim tadbiri - "INNOPROM. Markaziy Osiyo" V Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi davomida MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova va "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov o‘rtasida mazkur maktab faoliyatini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.
“GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi sanoat majmuasini, shu jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini yangi bilim va ko‘nikmalarni qo‘llagan holda tarmoqlarni istiqbolli rivojlantirishning strategik vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis mutaxassislar bilan ta'minlashdan iborat
Ilg‘or muhandislik maktabida “Kon ishi va boyitish”, “Nodir, noyob, kamyob yer va og‘ir metallar metallurgiyasi”, “Raqamli materialshunoslik va yangi texnologiyalar”, “Texnologik jarayonlarning raqamli transformatsiyasi” kabi asosiy yo‘nalishlar qamrab olinadi.
O‘qitish 2025-yil 1-sentyabrdan "Metallurgiya" ta'lim dasturi bo‘yicha boshlanadi. 2025/2026 o‘quv yilida magistratura talabalari ikkita yo‘nalishni tanlashlari mumkin bo‘ladi: "Foydali qazilmalarni boyitish" va "Texnologik jarayonlarni raqamli boshqarish". Kelgusida dasturlar ro‘yxati kengaytiriladi.
Ilg‘or muhandislik maktabi murakkab texnik muammolarni hal qilishga, innovatsion fikrlashga, yangi texnologiyalarni o‘rganish va ishlab chiqishga tayyor mutaxassislarni tayyorlaydi.
Talabalar magistraturaning birinchi kursidan boshlab ishlab chiqarishning muammoli masalalarini tadqiq qilishni boshlaydilar va keyinchalik natijalarni muayyan korxonada joriy etadilar.
Ilg‘or muhandislik maktabida barcha zarur zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari bilan ta'minlagan "Virtual sinov laboratoriyasi", "Yangi materiallar va texnologiyalar laboratoriyasi", "Kon uskunalarini avtomatlashtirish va ta'mirlash laboratoriyasi", “Loyiha-konstruktorlik byurosi” kabi maxsus ilmiy-ta'lim maydonlarini jamlagan ta'lim fabrikasi ham bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21916 | Инструменты