Shu yilning 17-21-mart kunlari Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida "ISH – 2025" xalqaro qurilish va energetika ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.
Unda "Made in Uzbekistan" milliy stendi tashkil etildi. Stendda mamlakatimizning yirik kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar namoyish etildi. Isitish va ventilyatsiya tizimlari, konditsionerlar, kabellar va boshqa turdagi mahsulotlar xorijiy sheriklarga ma'qul keldi.
O'zbekiston stendiga Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Italiya, Polsha, Turkiya va boshqa mamlakatlardan ko'plab ishbilarmonlar doiralari vakillari kelib, milliy elektrotexnika va kabel mahsulotlari yetkazib beruvchilari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yishga qiziqish bildirdi.
O'zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko'magida xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilgan muzokaralarda o'zaro manfaatli sheriklikni yo'lga qo'yish istiqbollari muhokama qilindi.
Bo'lib o'tgan muzokaralar yakunida O'zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish bo'yicha shartnomalar tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43005 | Инструменты