O'zbekistonda sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importi sezilarli darajada oshgan

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2018-2022 yillarda sitrus mevalar (kivi, mandarin, apelsin), keshyu yong‘og‘i va xurmo importini tahlil qildi.

2022-yilda O‘zbekistonga sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importi 2018-yildagiga qaraganda sezilarli darajada oshgan. Bunga bir qancha omillar sabab bo'lgan.

2018-2022 yillarda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,3 foizni, aholi sonining o‘sish sur’ati esa 1,9 foizni tashkil etdi.

Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 2018-yildagi 1604 AQSh dollaridan 2022-yilda 2255 AQSh dollariga ko‘tarildi. Bu ham 2018-2022 yillarda aholi real umumiy daromadlarining 32,1 foiz oshishiga zamin yaratdi.

Jumladan, 2021-yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda sitrus mevalarni olib kirishda nol bojxona stavkasi tartibi joriy qilindi va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. Ayni chog'da nolga teng stavka 2024-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi.

Marketing tadqiqotlariga ko‘ra, 2015–2021 yillarda respublikaning zamonaviy chakana savdo bozori yiliga o‘rtacha 17 foizga o‘sgan. Savdo hajmining 58 foizdan ortig‘i chakana oziq-ovqat savdosining ulushiga to‘g‘ri kelgan. 2026-yilga borib, O‘zbekiston bozoridagi zamonaviy chakana savdoning ulushi deyarli ikki barobar oshishi mumkin.

2022-yilda sitrus mevalar va yong‘oqlar importi hajmi 2018-yildagiga nisbatan quyidagicha oshgan:

- Keshyu yong‘og‘i - 8,2 barobar;

- Xurmo - 7,6 barobar;

- Mandarin - 6,6 barobar;

- Kivi - 4,7 barobar;

- Apelsin - 3,9 barobar.

Garvard universiteti Jamoatchilik sog‘ligini saqlash maktabi tadqiqotiga ko'ra, sitrus mevalar salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga ega. Jumladan, ularning tarkibida S vitamini, shuningdek, yurak - qon-tomir tizimiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadigan va surunkali yurak va qon-tomir kasalliklarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi flavonoidlar katta miqdorda mavjud.

Keshyu yong‘og‘i mis va magniyga boy bo‘lib, suyak mustahkamligini oshiradi.

Xurmo tarkibida ko‘p miqdorda polifenollar mavjud bo‘lib, ular tanani saratonning ayrim turlaridan, shuningdek, diabet va yurak - qon-tomir kasalliklaridan himoya qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72310 | Инструменты