Eron prezidenti MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatuvchi qonunni imzoladi. Eron AQSH va Isroilning Eron yadroviy inshootlariga zarbalarini MAGATE qoralaganidan keyingina inspektorlarni mamlakatga kiritishini aytdi.
Eron prezidenti Masud Pezeshkiyon o‘z mamlakatining Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorligini to‘xtatishni ma’qulladi. Eron davlat televideniyesining 2-iyul, chorshanba kuni xabar berishicha, prezident parlament tomonidan ilgari qabul qilingan tegishli qonunni imzoladi.
Eron qonunchilari bir hafta avval MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgan. Mamlakatning nufuzli siyosiy organi – Qo‘riqchilar kengashi bu qarorni o‘tgan payshanba kuni ma’qullagan.
AQSh va Isroilning Eronga zarbalari
24-iyun kuni Isroil va Eron oʻrtasidagi oʻn ikki kunlik urushdan soʻng oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi kuchga kirdi. 13-iyun kuni Isroil Eronga katta hujum uyushtirdi va ko‘p kunlar davomida asosan mamlakatdagi yadroviy va harbiy obyektlarga zarba berdi. Bunga javoban Eron Isroilga bir qator yirik raketa va dron hujumlarini uyushtirdi.
Qo'shma Shtatlar urushga Isroil tomonida kirib, Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy inshootlariga zarba berdi.
Isroil harakatlarining rasmiy maqsadi Eronni atom bombasi yaratishning oldini olish edi. Eron buni niyat qilganini rad etadi. AQSh razvedkasi ham Eron yadro quroli ustida ishlayotganiga oid hech qanday dalil topmagan. AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh zarbalari Eronning yadroviy dasturini butunlay yo‘q qilganini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82604 | Инструменты