O'zbekiston elchixonasi xodimlari Hindiston Savdo va sanoat vazirligida muzokaralar o'tkazdi.
Muloqot chog'ida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan yo'lga qo'yilgan hamkorlik loyihalari, investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulay muhit, taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar, respublikamiz sanoat va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
O'zbekiston farmatsevtika, to'qimachilik, charm-poyabzal sanoati, axborot texnologiyalari, sog'liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda Hindiston texnologiyalari, innovatsion yechimlari, sarmoyalari, bilim va ko'nikmalarini jalb qilishdan manfaatdorligi ta’kidlandi, ushbu yo'nalishdagi munosabatlarni yanada faollashtirish istiqbollari urg'ulandi.
Hindiston Savdo va sanoat vazirligi bosh boshqarmasi boshlig'i Manish Chadha o'zaro savdo aylanmasi hajmi yildan yilga o'sayotganiga qaramasdan, hali foydalanilmagan salohiyat ulkanligini qayd etdi. Shu bois Dehli ikki mamlakat o'rtasidagi tovarlar harakatini jonlantirish, jumladan, O'zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, ishlab chiqariladigan mineral o'g'itlar, ipak, charm-poyabzal va boshqa sanoat mahsulotlarini hind bozoriga izchil kirib kelishi bo'yicha chora-tadbirlar ko'rayotganini ma’lum qildi.
Uchrashuv doirasida O'zbekiston-Hindiston Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig'ilishini o'tkazish bilan bog'liq tashkiliy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122306 | Инструменты