Paynet kompaniyasi Humo to‘lov tizimini 65 million AQSH dollarga sotib oldi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, “Milliy banklararo protsessing markazi” ya’ni Humo’ning 100 foiz davlat aksiyalarini sotish bo‘yicha ochiq savdolar o‘tkazildi. Unda oltita nomzod qatnashishga taklif qilingan. Ulardan 3 nafari belgilangan muddatlarda majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni bildirgan.
65 million AQSH dollari miqdorida eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan Paynet AJ kimoshdi savdosining g‘olibi deb topildi. “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Talabgor kelgusida jamiyatga tegishli Humo to‘lov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) maʼlumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.
Paynet – O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik to‘lov operatorlaridan biridir. Mazkur to‘lov tizimi orqali 1 500 dan ziyod mahsulot yetkazib beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilarga to‘lash imkoniyati yaratilgan hamda yiliga 20 milliondan ziyod foydalanuvchilar ushbu xizmatlardan foydalanib kelmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11322 | Инструменты