Huawei 1
Polshaning Torun shahrida "O'zbekiston investorlar kuni" tashkil etildi

Yurtimiz elchixonasi tomonidan Polshaning Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi ma'muriy markazi – Torun shahridagi Nikolay Kopernik nomidagi universitetda biznes-forum va "O'zbekiston investorlar kuni" tadbiri tashkil etildi

Tadbirda O'zbekiston tomonidan "Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori Eldor Tulyakov, Oliy sud raisi o'rinbosari, iqtisodiy ishlar bo'yicha sudlov hay'ati raisi Shuhrat Polvonov va o'zbek ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Polsha tomonidan esa Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi, Polsha investitsiyalar va savdo agentligi, "Polsha-Osiyo" savdo palatasi, Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi marshal idorasi, Torun shahar meriyasi rahbariyati, hududiy savdo-sanoat palatasi hamda "Equnico", "Polpharma", "Torun Direct", "Alsal", "ControlTec", "Trans-Rach" kabi nufuzli kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Mamlakatimiz diplomatlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, hududlararo hamkorlikning rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida ma'lumot berildi.

Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi bo'lim boshlig'i, Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha "Polsha-O'zbekiston" hukumatlararo komissiyasi kotibi Aleksandr Milota o'z chiqishida O'zbekistonning Markaziy Osiyoda Polsha uchun muhim va istiqbolli hamkor ekanini ta'kidladi. U ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganiga alohida e'tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, 2024-yil yakunlariga ko'ra O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi 470 million AQSh dollarini, dollarni tashkil etildi.

– 2025-yil fevralda Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi Mixal Yaros rahbarligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi doirasida o'tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig'ilishi va biznes-forum muvaffaqiyatli bo'lib o'tdi. Mazkur tadbirlar yakunida erishilgan kelishuvlarni o'z vaqtida va samarali amalga oshirish Polsha tomoni uchun ustuvor ahamiyat qaratmoqda, – dedi Aleksandr Milota.

Polsha investitsiyalar va savdo agentligi Savdo departamenti direktori Mariya Lubian o'z navbatida polyak tadbirkorlari O'zbekistondagi jadal iqtisodiy o'sish, keng qamrovli islohotlar va yangi bozor imkoniyatlari fonida mamlakat bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

– O'zbekiston-Polsha munosabatlarida hanuzgacha to'liq ro'yobga chiqmagan ulkan salohiyat mavjud. Uni amaliy natijalarga aylantirish maqsadida aniq va tizimli ishlar olib borilishi lozim. Shu munosabat bilan 2025-yilning ikkinchi yarmida Polsha investitsiyalar va savdo agentligining Toshkentdagi vakolatxonasini ochish rejalashtirilmoqda. Mazkur qadam Polsha kompaniyalarining O'zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirib, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi", dedi Mariya Lubian.

"Equnico", "Polpharma" va "Trans-Rach" kompaniyalari rahbarlari o'z taqdimotlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, biznes muhiti va istiqboldagi rejalari haqida to'xtalib o'tishdi. Ular, shuningdek, polyak tadbirkorlarini mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga chaqirdilar.

Tadbir ishtirokchilari 2025-yil 10-12-iyun kunlari bo'lib o'tadigan 4-Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga katta qiziqish bildirishdi.

"B2B" va "G2B" formatlarida tashkil etilgan muzokaralar chog'ida O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishida Polshaning "darvoza" rolini inobatga olib, respublikada o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyati ko'rib chiqildi.

Shuningdek, tadbir doirasida O'zbekistonning investitsiya va turizm salohiyati hamda "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo zonasi faoliyatiga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52521 | Инструменты