Rimda O'zbekiston va Italiyaning Lombardiya hududi o'rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi

O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning «Assolombarda» sanoat va xizmat ko'rsatish korxonalari uyushmasining Xalqaro aloqalar va tashqi savdo departamenti boshlig'i Kyara Fanali bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va Lombardiya o'rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Xususan, Italiya texnologiyalari va ko'nikmalari asosida to'qimachilik, poyabzal mahsulotlarini «Designed in Italy – Manufactured in Uzbekistan» (Italiya dizayni asosida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan) savdo markasi bilan ishlab chiqarishni tashkil qilish taklifi ilgari surildi.

Ushbu tashabbus Italiya tomonidan qo'llab-quvvatlandi. «Assolombarda» vakillari O'zbekiston ishlab chiqarish tarmoqlari taqdimotlari va tijoriy takliflarini muntazam ravishda tarqatishga va ikki tomonlama sanoat hamkorligini amalga oshirish hamda qo'shma tadbirlarni o'tkazishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Italiyaning «ACIMIT» (to'qimachilik uskunalari va texnologiyalari), «ASSOMAC» (charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun uskuna va texnologiyalar), «UCIMU» (mashinasozlik va dastgohsozlik) tarmoq uyushmalarini ham faol jalb qilinishi ta’kidlandi.

«Assolombarda» 1910-yilda tashkil etilgan Italiya ishlab chiqaruvchi va xizmat ko'rsatuvchi korxonalari «Konfindustriya» uyushmasining Lombardiya hududidagi bo'linmasi hisoblanadi. U Milan, Lodi, Monsa-Briansa va Paviya provinsiyalarida joylashgan 7080 ta korxonani birlashtiradi. Uyushmaga a’zo korxonalarning 30 foizi elektromexanika tarmog'ida, 30 foizi sanoat, innovatsiyalar va turizm tarmoqlarida, 10 foizi kimyo sanoatida ishlaydi. Bundan tashqari, mahalliy korxonalar transport vositalarini ishlab chiqarish, biznes kommunikatsiya xizmatlari hamda moda tarmoqlarida ham faol.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты