10-may kuni Tehron shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Eron Islom Respublikasi konlar, sanoat va savdo vaziri Muhammad Atabak boshchilik qildi.
Kun tartibiga muvofiq, dastlab delegatsiya rahbarlarining sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ustuvor vazifalar muhokama qilingandan so'ng Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston-Eron kelishuvlarini amalga oshirish uchun bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari va kelgusidagi rejalari tinglandi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, jumladan, imtiyozli savdo kelishuvlaridan samarali foydalanish, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini tashkil etish va elektron tijorat imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘zaro chora-tadbirlar kelishib olindi.
Investitsiyaviy hamkorlik doirasida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, kimyo, toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, transport aloqalarini rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasida tovarlar harakatini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha yig‘ilish yakuniy bayonnomasi qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51209 | Инструменты