Huawei 1
Turkiy investitsiya jamg‘armasi kapitali $600 mln gacha oshiriladi

Joriy yil 14-fevral kuni Ozarbayjon Turkiy dunyosi uchun yirik biznes tadbiriga mezbonlik qildi.

Turkiy investitsiya jamg‘armasi (TIF) va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqi (TCCI) tomonidan tashkil etilgan ushbu anjuman Ozarbayjon tadbirkorlar milliy konfederatsiyasi (ASK) raisligida o‘tkazildi.

Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar vakillari, shu jumladan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakili, hukumat aʼzolari, tadbirkorlar, diplomatlar va investorlar ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadlari investitsiya imkoniyatlarini muhokama qilish, biznes hamkorligini mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va Turkiy davlatlar o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirishdan iborat edi.

Turkiy davlatlar o‘rtasidagi biznes va investitsiya imkoniyatlarini kuchaytirish maqsadida TIF va TCCI o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida faoliyat yurituvchi Turkiy investitsiya jamg‘armasi (TIF) 2023 yil 16 mart kuni Anqarada imzolangan kelishuv asosida tashkil etilgan. Ozarbayjonda uning tashkil etilishi mamlakat prezidenti tomonidan 2023 yil 30 mayda imzolangan qonun bilan tasdiqlangan va jamg‘arma o‘z faoliyatini 2024 yilda boshlagan.

Ushbu kelishuv natijasida infratuzilma, savdo hamda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish, ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, Turkiy davlatlar o‘rtasida savdo hajmini oshirishga erishiladi.

Tadbir doirasida TIFning ustav kapitali 20% ga oshirilib, 600 million AQSH dollariga yetkazilgani eʼlon qilindi. Ushbu moliyaviy o‘sish mintaqada mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston ayol tadbirkorlarning iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida 2025-yil may oyida Qoraqalpog‘istonda TDTga aʼzo mamlakatlarning tadbirkorlar ayollar forumini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Shuningdek, tadbir doirasida B2B uchrashuvlari tashkil etilib, yangi hamkorlik masalalari muhokama qilindi va kelgusi investitsiya loyihalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22104 | Инструменты