Bu uskunalar orqali mamlakat bo‘ylab tadbirkorlar qisqa vaqt ichida yordam so‘rash va olish imkoniyatiga ega bo'ladi
Joriy yil 29-iyun sanasida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman)ning idorasiga videokonferensiya aloqa uchun uskunalar taqdim qildi.
Qiymati qariyb 54 ming AQSH dollari bo‘lgan ushbu uskuna Biznes-ombudsman idorasi va uning hududiy bo‘linmalarini bog‘laydi va butun mamlakat bo‘ylab tadbirkorlarga qisqa vaqt ichida yordam so‘rash va olish imkonini beradi.
Taqdim etilgan uskunalar Toshkentda USAID ko‘magida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga kompleks yondashuv: biznesning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari va davlat nazoratini isloh qilish” mavzusidagi xalqaro forumda topshirildi.
Forumda so‘zga chiqqan USAID missiyasi direktori o‘rinbosari Marselo Arelyano shunday dedi:
“O‘zbekistonda inklyuziv, barqaror va jadal iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash USAIDning mamlakatdagi faoliyatining asosidir. Biznes-ombudsman idorasi bilan hamkorlik esa AQSHning O‘zbekistondagi iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashning muhim tarkibiy qismidir. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda Biznes-ombudsman idorasi va uning hududiy vakillari muhim o‘rin egallaydi. USAID korrupsiyaga qarshi kurash va biznes, investisiyalar va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish borasida milliy hamkorlar bilan hamkorlikni davom ettiradi. Biz bu borada katta yutuqlarga erishdik, shu bilan birga, hali qilinadigan ishlarimiz ko‘p”.
USAID ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 500 ishtirokchi – davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda tadbirkorlar qatnashdi.
Biznes-ombudsman idorasi xususiy sektor subyektlariga o‘z huquqlarini himoya qilish va tiklashda yordam berish orqali korrupsiyani yo‘q qilish va davlatning xususiy biznesga aralashuvini kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi.
USAID Biznes-ombudsman idorasini qo‘llab-quvvatlab keladi, shu jumladan, idora uchun treninglar o‘tkazadi va unga jihozlar taqdim etadi. Shuningdek texnik yordam ko‘rsatmoqda va Biznes-ombudsman idorasi bilan birgalikda O‘zbekistondagi tadbirkorlikni yanada himoya qilishga qaratilgan, hozirda yakunlash bosqichida bo‘lgan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60903 | Инструменты