O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari yoz mavsumida tashkil etiladigan Work and Travel dasturi asosida Germaniyaga kelgan va qiyin moliyaviy ahvolda qolgan Qoraqalpoq davlat universiteti talabalariga amaliy yordam ko‘rsatdi.
Qayd etilishicha, tashkiliy masalalarda yo‘l qo‘yilgan baʼzi kamchiliklar sababli safarning birinchi kunidan rejalashtirilgan manzil va ish joyiga yetib bora olmagan hamda yotoqsiz qolgan 14 nafar talaba diplomatlar va Frankfurt-Mayn shahridagi faol vatandoshlar ko‘magida Bosh konsulxonaga olib kelingan.
Germaniyaga kelgan mazkur talabalar bilan muammolarning yuzaga kelish sabablari, mahalliy ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasining bajarilish holatlari bo‘yicha suhbat o‘tkazilgan. Ularga Germaniyada bo‘lish qoidalari tushuntirilgan, o‘z xavfsizliklarini taʼminlash, shaxsiy mulk va hujjatlarini ehtiyot qilishlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rishlari lozimligi aytib o‘tilgan.
Moliyaviy jihatdan qiyin ahvolda qolgan talabalarga tezkorlik bilan yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan har bir talaba belgilangan meʼyorda kunlik xarajatlar uchun zarur mablag‘ bilan taʼminlangan va mehmonxonada yashash xarajatlarini qoplash berish yuzasidan agentlik bilan kelishib olingan.
Shuningdek, talabalarga Frankfurt-Mayn shahridan vaqtincha yashab turishlari uchun mehmonxonadan joy olishda amaliy yordam ko‘rsatilgan.
«Hamyurtlarimizni vaqtincha ish bilan taʼminlashda vositachilik qilgan Germaniyaning Nova Agency kompaniyasi masʼul xodimlari bilan kechgan muloqotda yuzaga kelgan muammolar muhokama qilindi. Bosh konsulxona diplomatlari talabalarning shartnoma bo‘yicha belgilangan ish joyiga yetib borishi va mehnat faoliyatini boshlashlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda», — deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60903 | Инструменты