United Airlines aviakompaniyasi o‘zining baʼzi ichki reyslarida Starlink sunʼiy yo‘ldosh internetidan foydalanishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi, deb xabar beradi PSMag.
Qayd etilishicha, bunga Starlink terminallari va uchuvchilarning aviadispetcherlar bilan aloqasini taʼminlaydigan bort antennalaridan bir vaqtda foydalanganda yuzaga kelayotgan statik xalaqitlar sabab bo‘lmoqda.
May oyida United Airlines reklama kampaniyasi doirasida Starlink‘dan bepul foydalanishni taklif qilishni boshlagandi — shu orqali u yo‘lovchilarga SpaceX‘ning sunʼiy yo‘ldosh internetini taqdim etayotgan kam sonli aviakompaniyalardan biriga aylangan edi. Ushbu xizmatni taqdim etish boshlangan vaqtida u tez va barqaror ishlagan, kompaniya bo‘lsa 2025 yil oxiriga qadar o‘zining barcha aviaparkini Starlink bilan jihozlash rejasini maʼlum qilgan.
Hozirda servis taxminan 20 ta Embraer E175 samolyotlarida to‘xtatib qo‘yilgan. Aviatashuvchi muammo havo kemasining kommunikatsiya uskunalari va Starlink terminallarini parallel ravishda foydalanishda yuzaga kelayotgan xalaqitlar bilan bog‘liqligini tasdiqlagan. Kompaniya ushbu nosozlik parvozlar xavfsizligi uchun tahdid uyg‘otmasligini qayd etdi.
Ushbu vaziyat tufayli reyslarni bekor qilish rejalashtirilmagan. Buning o‘rniga har bir samolyot rejali texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tadi. «Yaqin vaqt ichida ushbu havo kemalarida servis tiklanishini kutyapmiz», — deyiladi United Airlines xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60902 | Инструменты