Huawei 1
“Xalq bank” va “Agrobank” va “Infinbank” o‘z pozitsiyalarini bir vaqtning o‘zida 2 punktga yaxshiladi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) 2023-yilning III choragi uchun "Banklar faolligi indeksi"ni hisoblab chiqdi va uning asosida banklar reytingini yangilandi.

Indeks ikki guruhga ajratilgan 29 ta tijorat banklari uchun hisoblanadi: yirik (17) va kichik (12) banklar.

Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlash, taqqoslash va reytinglash asosida aniqlanadi. Tadqiqot har chorakda xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushining o‘zgarishlarini kuzatish, bank sektoridagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida o‘tkaziladi.

2023-yilning uchinchi choragidagi banklar faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari:

Bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari 2022-yilga nisbatan o‘sishiga qaramay, jalb qilingan depozitlar umumiy hajmining o‘sish sur’ati keskin kamaygan. Xususan, Respublika bank tizimining aktivlari 2023-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra 611,4 trln.so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga o‘sgan, majburiyatlar 15 foizga oshib, 524,7 trln. so‘mga, kreditlar qoldig‘i 25 foizga o‘sib, 444,7 trln. so‘mga yetgan. Depozitlar qoldig‘i esa 220,5 trln.so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 7%ga o‘sgan bo‘lsada, o‘tgan yilgi 56,7 foizlik o‘sishga nisbatan keskin sekinlashgan.

Yil davomida bank tizimidagi jami depozitlardagi xorijiy valyutadagi omonatlarning ulushi 10%ga – 42,6%dan 32,3%gacha kamaygan.

III chorakda banklar rentabelligi ko‘rsatkichlari o‘sish sur’atlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Yil davomida, banklarning foizli daromadlari o‘sishi 2,4% kamaydi va 33,5%ni tashkil etdi, foizsiz daromadlari o‘tgan yilning III choragiga nisbatan 21,4% o‘sgan bo‘lsada, o‘sish sur’ati 63% pasayganligini ko‘rsatdi, sof foyda o‘sishi sur’ati 49,2%dan 8,3%gacha tushib ketdi.

Bank tizimining yuqori likvidli aktivlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,9 foizga kamaydi va ularning yil davomida jami aktivlardagi ulushi 21,4% dan 14,4% gacha kamaygan.

Bank tizimining moliyaviy barqarorligi ko‘rsatkichlari Bazel III ning minimal talablaridan yuqori bo‘ldi, bu bank tizimining barqarorligini, shu jumladan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlar, ma’lumotlarning shaffofligi va oshkoraligi, risklarni boshqarish sifati yaxshilanganligidan dalolat beradi. Xususan, regulyativ kapital va 1-darajali kapitalining nisbati mos ravishda 15,9% va 13,3%ni tashkil etib, minimal talablardan 1,3 baravar yuqori edi.

Aholining bank tizimidan foydalanish faolligi sezilarli darajada oshdi. Agar o‘tgan yilning III choragida kredit portfelining 24,5% jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, yil davomida ularning ulushi 6 foiz punktga oshdi va 30,2%ni tashkil etdi va yuridik shaxslar uchun mos ravishda 75,5%dan 69,8%gacha kamaydi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning depozitlari qoldig‘i 8 foizga o‘sdi va 35,9%ni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarning depozitlari 73,2%dan 64,1%gacha kamaydi.

III chorakda yirik banklar uchun “Banklar faollik indeksi”

Mamlakatdagi 17 ta yirik banklar orasida umumiy reytingda uchta bank o‘z o‘rinlarini ikki pog‘onaga yaxshilagan -“Halq bank” likvidlik ko‘rsatkichlarida sezilarli darajada, birdaniga 5 pog‘onaga oshib, shu bilan birga moliyaviy vositachilik, kapitalning yetarliligi va aktivlar sifati ko‘rsatkichlarida ham bir pog‘onadan yuqoriladi; “Agrobank” moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlarini (+2 pog‘ona) va “Invest finans bank” kapital yetarliligi ko‘rsatkichlarini (+5 pog‘ona) yaxshilagan.

III chorak yakunlariga ko‘ra, yana uchta bank bitta pog‘onaga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ldi – bular “Aziya Alyans bank”, “Trast bank” va “O‘zsanoatqurilishbank”.

“Kapital bank”, “Aloqa bank”, “Mikrokreditbank”, “Turon bank” va “Asaka bank” tijorat banklari umumiy reytingda o‘z o‘rinlarini saqlab qoldilar.

Moliyaviy vositachilik bo‘yicha reytingida “O‘zmilliybank” so‘nggi, 17-o‘rinni saqlab qoldi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha “Asaka bank” va “Oriyent Finans bank"1 pog‘onaga, “Ipak yo‘li bank” va “Kapital bank” 2 pog‘onaga, “Hamkorbank” 3 pog‘onaga pastlagan.

Daromadlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha - “Asaka bank” eng quyi o‘rinni saqlab qoldi va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha -“Xalq bank” va “Turon bank” 2 pog‘onaga, “O‘zmilliybank” va “Aziya Alyans bank” 1 pog‘onaga pastlagan.

Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha “Mikrokreditbank” so‘nggi 17-o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, yirik davlat banklari orasida -“Xalq bank”, “Qishloq qurilish bank” va “Asaka bank” pasayish qayd etgan bo‘lishsa, “Ipoteka bank” keskin 8 pog‘ona yo‘qotgan.

Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, “Kapital bank”yirik banklarning umumiy reytingida yetakchilikni saqlab qoldi, “Aziya Alyans bank” esa 1 pog‘onaga ko‘tarildi va umumiy reytingda ikkinchi o‘rinni egallab, “Hamkorbank” bilan o‘rinlarni almashtirdi.

III chorakda kichik banklar uchun “Banklar faollik indeksi”

“Davr bank” kichik banklar reytingida yetakchilikni saqlab qoldi, “Ziraat bank” esa 2 pog‘onaga ko‘tarilib, reytingda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va “Universal bank” va “TVS bank” 1 pog‘onaga tushib, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallashgan.

Bundan tashqari, “Tenge bank” va “Poytaxt bank” reytingda 1 pog‘onaga pasaygan bo‘lsa, “Madad invest bank” va “Anor Bank” esa 1 o‘ringa ko‘tarilishgan. Qolgan banklar o‘tgan davrga nisbatan o‘z o‘rinlarini saqlab qolishdi.

“Poytaxt bank”, davlat ulushiga ega bo‘lgan yagona kichik bank, “aktivlar sifati” va “likvidlik” ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2 pog‘onaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi, ammo “moliyaviy ommaboplik” va "boshqaruv samaradorligi" bo‘yicha 1 pog‘onaga pastlagan va bu esa bankning umumiy reytingda 1 pog‘onaga pastlashishiga sababchi bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122308 | Инструменты