Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) kelishuvlarining IV moddasiga muvofiq joriy yilning 23-aprel — 7-may kunlari O‘zbekiston bilan 2024-yilgi maslahatlashuvlar doirasida Toshkentda o‘tkazilgan muhokamalar yakunlari bo‘yicha missiya rasmiy bayonot e’lon qildi.
Unda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati yuqori darajada shakllanayotgani qayd etilgan. Kambag‘allik darajasining 2021-yildagi 17%dan 2023-yili 11%gacha pasayishiga real daromadlarning barqaror o‘sishi va 2020-yildan buyon olib borilayotgan ijtimoiy himoya tizimi ko‘lamini kengaytirish ishlari yordam berdi.
Mashina va uskunalar importining o‘sishi, pul o‘tkazmalari hajmining 2022-yilga nisbatan qisqarishi va tashqi qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining oshishi kabi omillar ta’sirlarining oltin eksportiga nisbatan yuqori bo‘lishi to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YaIMga nisbatan uch yil oldingi 3,5%dan o‘tgan yilda 8,6%gacha oshishiga sabab bo‘ldi.
Energetika, xususiylashtirish va davlat korxonalarini isloh qilish yo‘nalishidagi ishlar iqtisodiy rivojlanishni yaxshilashga yordam berdi. Ichki talabning barqaror o‘sishi hisobiga YaIM 2024-yilda 5,4%ni, 2025-yilda esa 5,5%ni tashkil etishi kutilmoqda.
Fiskal defitsitning qisqartirilishi, bank kreditlari o‘sishining muvozanatlashishi va importda 2023-yilda kuzatilgan vaqtinchalik omillarning kamayishi importning o‘sishini yaxshilab, joriy hisob defitsitini pasaytiradi
Energiya narxlarining oshirilishi ta’sirida joriy yil oxirida inflyatsiya biroz oshishiga qaramay, qat’iy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosat hamda tarkibiy islohotlar fonida Markaziy bank prognoz qilgan darajagacha pasayadi.
Budjetni konsolidatsiya qilish davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash va yaqin istiqbolda inflyatsion bosimni pasaytirish uchun zarur hisoblanadi. Ayni paytda aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va oiqtisodiyot samaradorligini oshirish muhim hisoblanadi.
Budjet defitsitini iqtisodiy o‘sishga zarar yetkazmasdan pasaytirish ko‘zda tutilgan. Bu aholiga yordam berish, energiya subsidiyalarini kamaytirish, ijtimoiy xarajatlar va ijtimoiy himoya tizimi xarajatlarining manzilligini oshirish kabilar orqali amalga oshiriladi.
Rasmiylar budjetning daromad va xarajatlar qismi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelsa, budjet defitsitini kamaytirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak.
XVJ QQS qo‘llashning samarali tizimini joriy etish, fiskal strategiyani va xatarlarni baholash ishlarini davom ettirish kerak deb hisoblaydi. DXSh loyihalari bo‘yicha kafolatlarning yuqori chegarasini belgilash tavsiya qilingan.
Pul-kredit siyosatida inflyatsiyani pasaytirishga ustuvor ahamiyat berishni davom ettirish lozim. Markaziy bank narxlar dinamikasini kuzatishi va inflyatsiyada barqaror pasayish kuzatilgungacha qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab turishi kerak.
Davlat banklarini xususiylashtirish, direktiv kreditlash hajmlarini qisqartirish va banklararo pul bozori imkoniyatlarini oshirish moliyaviy vositachilik va mahalliy kapital bozorini rivojlantirishga yordam beradi.
Kredit miqdorining garov qiymatiga nisbati bo‘yicha ko‘rsatkichning oshirilishi va konsentratsiya cheklovlari o‘rnatilishi ipoteka kreditlari va avtokreditlarning o‘sish sur’atlarini sekinlashtirdi.
Davlat banklarining xususiylashtirilishini tezlashtirish raqobatni kuchaytiradi, teng faoliyat sharoitlarini yaratadi. Shuningdek, resurslarni samarali taqsimlab, moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytiradi.
Shuningdek, missiya davlat banklari tijorat asosida ishlaydigan tizim va boshqaruv tuzilmalariga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Maqsadlariga erishmagan davlat banklarini xususiylashtirish uchun tayyorlash zarur.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122211 | Инструменты