Iroqda Amerika samolyoti quladi

Amerikaning KC-135 rusumli yonilg‘i quyuvchi samolyoti Iroq g‘arbida halokatga uchradi. AQSH qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligiga ko‘ra, hodisa Eronga qarshi «Epik g‘azab» nomli amaliyot doirasida «do‘stona mamlakat havo kengligi»da ro‘y bergan.

«Hodisada ikki samolyot ishtirok etgan. Ulardan biri Iroq g‘arbida halokatga uchragan, ikkinchisi qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. Bu dushman zarbasi yoki do‘stona zarba bilan bog‘liq emas», – deyiladi Amerika qo‘mondonligi bayonotida.

CBS News maʼlumotiga ko‘ra, “hodisa”da ishtirok etgan ikkinchi samolyot ham KC-135 rusumli yonilg‘i quyuvchi samolyot bo‘lib, uning korpusi shikastlangan va Tel-Avivga kelib qo‘ngan. 

Qulagan samolyot bortida ekipajning qancha aʼzosi bo‘lgani va ularning hozirgi holati haqida xabar berilmagan.

O‘z navbatida «Iroqdagi islom qarshiligi» nomli eronparast guruh KC-135 rusumli yonilg‘i quyuvchi samolyotini urib tushirgani haqida eʼlon qilgan. Guruhning Reuters agentligi tomonidan iqtibos keltirilgan bayonotida samolyot «mamlakat suvereniteti va havo hududini himoya qilish maqsadida» urib tushirilgani aytilgan.

Reuters agentligi xabar qilishicha, qulagan samolyot bortida «olti nafargacha harbiy xizmatchi bo‘lgan».

Ayni vaqtda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

KC-135 – AQSHning Yaqin Sharqdagi yangi urush davomida yo‘qotgan to‘rtinchi samolyoti bo‘ldi. Eronga qarshi harbiy amaliyotning dastlabki kunlarida Kuvayt osmonida Amerikaning F-15 rusumli uchta qiruvchi samolyoti mahalliy havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31313 | Инструменты