Huawei 1
Birjada yashil sertifikatlar sotila boshladi

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining “yashil energetika seksiyasi”da ilk bor “yashil energiya” sertifikatlari sotila boshladi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar qildi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ birja savdolarida mazkur sertifikatlarning sotuvchisi sifatida ishtirok etmoqda. Xususan, sotuvchi tomonidan birjada sertifikatlar uchun standart birja shartnomasi ochilgan. Bir dona «yashil energiya» sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.

O‘tkazilgan birja savdolari natijalariga ko‘ra birja orqali 26,7 mln so‘mlik dastlabki 2000 ta sertifikatlar sotildi. Sertifikat bo‘yicha birjada shakllangan dastlabki birja kotirovkasi bir dona sertifikat uchun 13360,0 so‘mni tashkil qildi.

Sertifikatlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan birja savdolarida xaridor sifatida yakka tartibdagi tadbirkorlar, mahalliy korxonalar yoki xorijiy kompaniyalar erkin ishtirok etishlari mumkin.

“Yashil energetika” sertifikatlarini birja savdolari orqali sotilishi qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini shakllantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bozorlariga eksport qilishda imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi PQ-156-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi va O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur tizimning tartibga soluvchi masʼul organ (emitent) sifatida Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) akkreditatsiyasidan o‘tgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga