Birjalararo aloqalarni rivojlantirish va yangi birja vositalarini joriy etish chora-tadbirlari doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UZEX) Dalyan tovar birjasi (DCE) bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda.
Xususan, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va Dalyan tovar birjasi tomonidan imzolangan O‘zaro anglashuv Memorandumiga ko‘ra ikki birja zamonaviy birja savdolarini samarali tashkillashtirish, yangi birja vositalari, shu jumladan tovar derivativlarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi.
Shu maqsadlarda, Dalyan tovar birjasida "O'zRTXB"ning birja savdolari ekspertlari va IT mutaxassislari uchun maxsus stajirovkalar tashkillashtiriladi.
Shuningdek, UZEX Dalyan tovar birjasi (DCE) bilan axborot almashinuvi sohasida ham hamkorlik qiladi. Bunda, birja kotirovkalari va birja faoliyatiga oid statistik maʼlumotlar ikki birjalarning axborot tizimlariga joylashtiriladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Xitoy tadbirkorlari uchun ikki mamlakat tovar bozorlari konyunkturasi to‘g‘risida maʼlumotlarga tezkor ega bo‘lish imkonini beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasini birja mexanizmlarini qo‘llash orqali oshirish maqsadida ikki birja savdo tizimlarining integratsiya qilish va ularning brokerlik idoralarini o‘zaro akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur loyihalarni amalda tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va Dalyan tovar birjasi tomonidan maxsus ishchi guruhlari tuzildi.
Maʼlumot uchun, Dalyan tovar birjasi Xitoyning eng yirik birjalaridan biri bo‘lib, 1993-yilda tashkil topgan. Birjada bug‘doy, makkajo‘xori, soya, loviya, guruch, ko‘mir, koks, polietilen va polipropilen kabi mahsulotlar bo‘yicha birja savdolari o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 33003 | Инструменты